May oyi oxirlarida Toshkentdagi 275-maktabda o‘qituvchi tomonidan 9-sinf o‘quvchisini kaltaklashi ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Hodisa natijasida tan jarohati olgan bola shifoxonaga yotqizilgan, o‘qituvchiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, biroq keyinchalik ish tugatilgan.
Gazeta suhbatlashgan mutaxassislar voqea bilan bog‘liq yangi tafsilotlarni ochib berdi. Bolalar shifokori Muazzam Ibrohimova holatni surishtirib, jarayonda 2 nafar bola kaltaklanganini aniqlagan. U shifoxonaga borib, bolaning ahvolini kuzatgan: “Ataksiyasimon harakatlar bor edi, bola qo‘rqqan va vaqtincha gapira olmay qolgan. Bu situatsion stress edi.”
Ibrohimova vaziyatda ikki tomonning ham aybi borligini ta’kidladi: “Bir tomonda sho‘x bolalar bo‘lsa, ikkinchisida darsni o‘z vaqtida boshlamagan pedagog bor. O‘qituvchi darsga kechikib kirgan, suv sepish boshlangan. Rizqiddin (kaltaklangan bola) yana suv quygan. Hech qaysi birini oqlamayman.”
Ta’lim bo‘yicha mutaxassis Komil Jalilov tizimiy muammolarni uch darajaga ajratdi: maktab ta’limi, o‘qituvchilarni tayyorlash va jamiyat. Uning so‘zlariga ko‘ra, maktablarda o‘quvchilarning nojo‘ya xatti-harakatlari bilan shug‘ullanadigan maxsus xodimlar yo‘q, o‘qituvchi yolg‘iz qoladi. Shuningdek, o‘qituvchilarni tayyorlashda konfliktologiya va bolalar psixologiyasi fanlari yetarli darajada o‘qitilmaydi.
Oila psixologi Manija Malikiy e’tiborni o‘qituvchi va o‘quvchi o‘rtasidagi yosh farqiga qaratdi: “O‘qituvchi voyaga yetgan inson, u o‘smir bilan ishlashni bilishi kerak. 16 yosh – o‘smirlikning eng cho‘qqisi, gormonlar oshgan, prefrontal qobiq hali rivojlanmagan. Lekin bu o‘qituvchining jismoniy zo‘ravonligini oqlamaydi.”
Malikiy maktablarda psixologlar shtati juda kamligini ta’kidladi: 700-1500 nafar bolaga atigi 1 nafar psixolog to‘g‘ri keladi. U tizim bilan bog‘liq muammolarni hal qilish zarurligini qayd etdi.
Voqea fonida sud jarayonida guvoh o‘quvchilar va ota-onalar bilan gaplashilmagani, ularning fikri inobatga olinmagani ham ma’lum bo‘ldi. Mutaxassislar bu kabi holatlarning oldini olish uchun ta’lim tizimida tub islohotlar zarurligini ta’kidlamoqda.
Source: www.gazeta.uz