Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligida o‘tkazilgan yig‘ilishda yangi o‘quv yili uchun bolalarni 1-sinfga qabul qilish 20-iyundan boshlanishi ma’lum qilindi.
Yig‘ilishda qabul jarayonlarini joylarda tizimli tashkil etish, ota-onalarning murojaatlarini o‘rganish va zarur choralar ko‘rish bo‘yicha ishlar olib borilayotgani qayd etildi.
Mas’ullarga qabul jarayonlari onlayn va an’anaviy tartibda amalga oshiriladigan tuman va shaharlar, hududlarda tashkil etilgan shtablar hamda ishonch telefonlari faoliyati haqida ota-onalarni keng xabardor qilish topshirildi.
Shu bilan birga, tuman va shaharlardagi 220 ta umumta’lim maktabida tashkil etilayotgan “Muxlislar maydoni” loyihasi faoliyati ham ko‘rib chiqildi. Loyihani yanada samarali yo‘lga qo‘yish uchun maktablarning zarur talablarga muvofiqligi qayta o‘rganilishi ta’kidlandi.
Shuningdek, tanlab olingan maktablarni mahalliy hokimliklar bilan hamkorlikda futbol tomoshalarini namoyish etish uchun zarur texnik vositalar bilan ta’minlash, shuningdek, tegishli vazirlik va idoralar ishtirokida xavfsizlik choralarini tashkil etish bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.
Source: www.gazeta.uz