Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakat oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining bandligini ta’minlash yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Taqdimotda qayd etilishicha, 2026-yilda respublika oliygohlarini 320 ming nafar talaba bitirishi kutilmoqda. Oliy ta’lim bilan qamrov kengayib borayotgani sabab mehnat bozoriga kirib kelayotgan yosh mutaxassislar soni ham ortmoqda.

Shu munosabat bilan bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash, ularni bo‘sh ish o‘rinlariga yo‘naltirish, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va karera markazlari faoliyatini kuchaytirish bo‘yicha qator takliflar ko‘rib chiqildi.

Jumladan, 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab barcha oliygohlarda “Tadbirkorlik asoslari” fanini joriy etish tashabbusi bildirildi. Ushbu fan talabalarda tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish, biznes yuritish asoslarini o‘rgatish va mavjud imkoniyatlar haqida ma’lumot berishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Shuningdek, oliygohlarda talabalarning startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, spin-off korxonalarga yoshlarni jalb qilish, kafedralarning tarmoq korxonalarida filiallarini ochish hamda bitiruv ishlari himoyasini ish beruvchi tashkilotlarda o‘tkazish amaliyotini kengaytirish choralari muhokama qilindi.

Source: www.gazeta.uz