Prezident Shavkat Mirziyoyev sudlarda komplayens-nazorat tizimi samaradorligini oshirish, korrupsiya xavflarini erta aniqlash va manfaatlar to‘qnashuvining oldini olishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Islohotlar nafaqat sudyalar korpusini, balki sud apparatining qariyb 4,8 ming xodimini ham qamrab oladi.
Korrupsiya ko‘rinishlarining oldini olish uchun Oliy sud tarkibida maxsus Komplayens-nazorat xizmati tashkil etiladi, u to‘g‘ridan-to‘g‘ri Oliy sud raisiga bo‘ysunadi. Viloyat sudlarida tegishli komplayens inspektorlari faoliyat yurita boshlaydi. Yangi bo‘linma xavflarni aniqlash, baholash va oldini olish, shuningdek, xodimlarning qonunchilik va kasbiy etika qoidalariga rioya etilishini monitoring qilish bilan shug‘ullanadi. Bundan tashqari, yuqori xavf darajasiga ega sud apparati lavozimlari ro‘yxati tasdiqlanadi.
Sud tizimini raqamlashtirish doirasida sudyalar va apparat xodimlarining manfaatlar to‘qnashuvi, daromadlari va mulki to‘g‘risidagi deklaratsiyalarni topshirish va tahlil qilishning avtomatlashtirilgan elektron tizimi joriy etiladi. Qo‘shimcha elektron axborot tizimlari shubhali sxemalar va intizom buzilishlarini aniqlaydi. Yuqori xavfli jarayonlarda inson omili ta’siri kamaytiriladi, shuningdek, sud ishlarini avtomatik taqsimlash dasturi takomillashtirilib, ularni qayta taqsimlash mezonlari aniq belgilanadi.
2026 yil oxirigacha sud tizimida korrupsiyaga chidamlilik darajasining to‘liq diagnostikasi o‘tkaziladi, sudyalikka nomzodlarni tayyorlashda ularning shaxsiy fazilatlari va korrupsiyaga qarshi chidamliligi baholanadi.
Kadr siyosatida ham tub o‘zgarishlar bo‘ladi. Sud apparatiga ishga qabul qilish ochiq tanlov, shaffof tartiblar va meritokratiya tamoyillari asosiga o‘tkaziladi. Xodimlar uchun qattiq cheklovlar joriy etiladi, jumladan, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish, chet elda hisob raqamlar ochish va manfaatlar to‘qnashuviga olib keladigan faoliyat taqiqlanadi.
Intizom va etika madaniyatini mustahkamlash uchun apparat xodimlariga maxsus xizmat formasini joriy etish taklif qilindi. Davlat rahbari sudlarda adolatli va shaffof muhit yaratish aholi ishonchini oshirishning asosiy omili ekanligini ta’kidlab, ushbu takliflarni puxta ishlab chiqish va malakali kadrlarni jalb etishni topshirdi.
Source: podrobno.uz