«O‘zbekinvest» sug‘urta kompaniyasi Tsyurix (Shveytsariya) shahriga ish safari doirasida Shveytsariyaning davlat eksport-kredit agentligi SERV bilan muzokaralar olib borib, hamkorlik memorandumi imzoladi. Shuningdek, global sug‘urta bozorining yirik o‘yinchilari – Swiss Re va Zurich Insurance Group bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.
Muzokaralar chog‘ida SERV rahbari Kristina Shultse-Bergmann O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarni yuqori baholab, Shveytsariyaning yetakchi kompaniyalari energetika, farmatsevtika, mashinasozlik, elektrotexnika, turizm va boshqa sohalarda investitsiya loyihalarini amalga oshirishga katta qiziqish bildirishini ta’kidladi.
Shu munosabat bilan, iyun oyida Toshkentda bo‘lib o‘tadigan investitsiya forumiga Shveytsariya biznes doiralari va kompaniyalarining nufuzli delegatsiyasi tayyorlanayotgani qayd etildi.
SERV bilan imzolangan memorandum doirasida quyidagi ustuvor yo‘nalishlar belgilandi: eksportni sug‘urtalash, investitsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash va xavflarni qayta sug‘urtalash bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish.
Ish safari davomida jahon sug‘urta bozorining yetakchi kompaniyalari – Zurich Insurance Group Ltd. va qayta sug‘urtalash bozorining yirik o‘yinchisi Swiss Re Ltd. bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.
Zurich Insurance Group vakillari «O‘zbekinvest»ni O‘zbekistondagi global mijozlariga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha eksklyuziv hamkor sifatida e’tirof etdi.
Swiss Re rahbariyati (dunyoda hajmi bo‘yicha ikkinchi qayta sug‘urtalash kompaniyasi) O‘zbekistonda investitsiyalarni o‘zlashtirishning misli ko‘rilmagan sur’atlarini va ushbu kompaniya mijozlarining O‘zbekiston bilan hamkorlikka qiziqishini qayd etdi.
Uchrashuvlar yakunida quyidagi natijalarga erishildi: eksportni qo‘llab-quvvatlash, xalqaro biznesni sug‘urtalash va global qayta sug‘urtalash sohalarida uzoq muddatli hamkorlikni chuqurlashtirish bo‘yicha o‘zaro ishonch va strategik manfaatdorlik yuqori darajasi tasdiqlandi.
Source: kun.uz