Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi bukmekerlik reklamalari soni ortib borayotganini ma’lum qilib, bu qonunga zid ekanligi va qoidabuzarlar javobgarlikka tortilishini eslatdi.

Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, futbol bo‘yicha jahon chempionati arafasida ijtimoiy tarmoqlar, internet saytlari hamda Telegram guruh va kanallarida bukmekerlik xizmatlari, qimor o‘yinlari va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni targ‘ib qiluvchi reklama materiallari tarqalishi faollashgan.

Xususan, ayrim shaxslar yirik sport musobaqasiga bo‘lgan qiziqishdan foydalanib, sport natijalari bo‘yicha pul tikish, qisqa muddatda daromad topish yoki yirik yutuqlarga erishish haqidagi va’dalar orqali aholini tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarda ishtirok etishga undovchi reklama va axborot materiallarini keng tarqatmoqda.

“Reklama to‘g‘risida”gi qonunning 46-moddasiga muvofiq, O‘zbekistonda qimor o‘yinlari va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlar, jumladan, telekommunikatsiya tarmoqlari hamda internet tarmog‘idan foydalangan holda tashkil etiladigan qimor o‘yinlari va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni reklama qilish taqiqlanadi.

Bundan tashqari, bukmekerlik xizmatlarini targ‘ib qilish, ularning reklamasini tayyorlash va tarqatish amaldagi qonunchilikka ko‘ra javobgarlikka sabab bo‘ladi.

“Bukmekerlik xizmatlarini targ‘ib qiluvchi ayrim shaxslar o‘z faoliyatini anonim tarzda yuritish, soxta akkauntlar va taxalluslardan foydalanish hamda xorijiy elektron platformalar orqali reklama tarqatishga urinmoqda. Biroq bu kabi holatlar qonunchilik talablaridan chetda qolmaydi va vakolatli organlar tomonidan o‘rganib boriladi”, — deya eslatdi qo‘mita.

Raqobat qo‘mitasi hozirda internet va ijtimoiy mediada tizimli monitoring ishlarini olib borayotganini qo‘shimcha qildi. Aniqlangan qonunbuzilish holatlari bo‘yicha materiallar chora ko‘rish uchun huquq-tartibot idoralariga, xususan, Ichki ishlar vazirligining Kiberxavfsizlik bo‘linmalariga taqdim etiladi.

Idora fuqarolarni JCH-2026 bahonasida ko‘paygan bu kabi shubhali reklamalarga ishonmaslikka, ularni tarqatmaslikka va qonunbuzarliklarga guvoh bo‘lganda vakolatli organlarga xabar berishga chaqirdi.

Source: www.gazeta.uz