Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Farg‘ona viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda yirik moliyaviy firibgarlik sxemasi fosh etildi, deya xabar bermoqda idora matbuot xizmati.
Ma’lum bo‘lishicha, fuqarolar M.X., M.X. va K.I. o‘zaro til biriktirib, Telegram’da maxsus guruhlar tashkil etgan. Ular orqali 7 ta mas’uliyati cheklangan jamiyatga tegishli xarid cheklarini jismoniy shaxslarga 1 foizli, ijtimoiy himoya reyestriga kiritilgan fuqarolarga esa 12 foizli keshbek summasi bilan onlayn tarzda sotish bilan shug‘ullangan.
Sxemaning asosiy qismi soxta hujjatlarga tayangan: mazkur 7 ta MCHJ tomonidan amalda hech qanday moliyaviy yoki xo‘jalik faoliyati amalga oshirilmagan bo‘lsa-da, go‘yoki 3,3 trln so‘mlik mahsulotlar va xizmatlar sotilgani haqida soxta elektron hisob-fakturalar rasmiylashtirilgan.
So‘ngra mablag‘lar onlayn nazorat-kassa mashinalari orqali kirim qilingandek ko‘rsatilib, soxta xarid cheklari chiqarilgan. Natijada Soliq ilovasi orqali 211 584 nafar fuqaroga jami 28,5 mlrd so‘mlik keshbek summasi hisoblanishiga erishilgan.
Ushbu mablag‘larning 3,2 mlrd so‘mi davlat budjetidan amalda to‘lab berilib, til biriktirgan shaxslar tomonidan o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilingan.
Mazkur holat yuzasidan jinoiy guruh a’zolariga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 228-moddasi (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Hozirda holat yuzasidan vakolatli organlar tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Andijon viloyatida ham keshbek sifatida to‘langan 35,1 mlrd so‘m budjet mablag‘lari talon-toroj qilinganini aniqlangandi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, gumonlanuvchilar uch fuqaro nomiga 9 ta kompaniya ochib, 1,1 trln so‘mlik tovar yetkazib berilgani haqida soxta hujjatlar rasmiylashtirgan.
Source: www.gazeta.uz