Bosh prokuratura huzuridagi departament xodimlari Soliq Mobile ilovasi orqali byudjet mablag‘larini o‘g‘irlashning yana bir faktini aniqladi.
Ma’lum bo‘lishicha, uch nafar fuqaro Telegram’da turli nomdagi guruhlar tashkil qilib, 7 ta kompaniyaga tegishli xarid cheklari bo‘yicha keshbek summalarini onlayn sotish bilan shug‘ullangan. Sxemaga ko‘ra, jismoniy shaxslarga 1% miqdorida, ijtimoiy himoya reestriga kiritilgan shaxslarga esa 12% miqdorida keshbek sotilgan.
Ushbu kompaniyalar aslida hech qanday moliyaviy-xo‘jalik operatsiyalarini amalga oshirmagan. Jinoyatchilar umumiy qiymati 3,3 trillion so‘m bo‘lgan soxta elektron schyot-fakturalarni rasmiylashtirgan, go‘yo tovarlar va xizmatlar sotib olingandek ko‘rsatilgan.
Shuningdek, onlayn kassa apparatlari orqali sotishdan soxta pul tushumlari rasmiylashtirilib, kassa cheklari chiqarilgan va ular fuqarolarga sotilgan.
Natijada Soliq Mobile ilovasi orqali 211 584 nafar fuqaroga jami 28,5 mlrd so‘m miqdorida keshbek hisoblangan, shundan 3,2 mlrd so‘m to‘lab berilgan.
Ushbu fakt bo‘yicha Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-taroj qilish) va 228-moddasi (hujjatlarni qalbakilashtirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Soliq qo‘mitasi 100 mlrd so‘mdan ortiq ijtimoiy keshbek to‘lovlarini to‘xtatgan edi. Shubhali xaridorlar reestriga 200 mingdan ortiq shaxs kiritilgan bo‘lib, ular soxta cheklar orqali QQS qaytarishga urinishda ayblanmoqda.
Source: uznews.uz