8-iyun kuni Shavkat Mirziyoyevga mis sanoatidagi yirik investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi va kelgusi rejalar haqida ma'lumot berildi.
Mis sanoat, energetika, elektrotexnika, raqamli iqtisodiyot va «yashil» rivojlanish uchun strategik xomashyoga aylanmoqda. Shu munosabat bilan geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish, mavjud zaxiralardan samarali foydalanish, xomashyoni chuqur qayta ishlash va yuqori qo'shimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishga alohida e'tibor qaratilmoqda.
Joriy yilning mart oyida Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida 3-mis boyitish fabrikasining birinchi navbati ishga tushirildi. 2,7 milliard dollarlik loyiha «Yoshlik-1» konini o'zlashtirish dasturi doirasida 196 gektar maydonda amalga oshirilmoqda. To'liq quvvatga chiqqach, fabrika yiliga 60 million tonna rudani qayta ishlab, 900 ming tonnaga yaqin mis konsentrati ishlab chiqaradi.
Taqdimotda fabrikaning keyingi navbatlarini ishga tushirish, texnologik jarayonlarni yo'lga qo'yish va rejali quvvatlarga o'z vaqtida chiqish bo'yicha ishlar haqida ma'lumot berildi.
Maydalash sexidagi sharli tegirmonlar va flotatsiya liniyalarini bosqichma-bosqich to'liq quvvatga chiqarishning aniq jadvali belgilandi. Joriy yil oxiriga qadar 3-mis boyitish fabrikasida rudani qayta ishlash hajmini oshirish, barcha asosiy texnologik zanjirlarni to'liq ishga tushirish va ishlab chiqarish barqarorligini ta'minlash vazifasi qo'yildi.
3-mis boyitish fabrikasi to'liq ishga tushgandan so'ng, kombinatda mis konsentratining kunlik ishlab chiqarish hajmini 2,4 ming tonnadan 5 ming tonnaga oshirish rejalashtirilgan. Zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hisobiga energiya sarfi va tannarxni kamaytirish, mehnat unumdorligini oshirish imkoniyati yaratiladi.
Yig'ilishda 4-mis boyitish fabrikasi loyihasini ishlab chiqishni jadallashtirish masalasi ham ko'rib chiqildi. Hozirda loyiha doirasida bazaviy muhandislik hujjatlari tayyorlanmoqda, qurilish maydonchasida yer va geologiya-burg'ulash ishlari olib borilmoqda.
Ushbu loyihani amalga oshirishda 3-fabrika tajribasini hisobga olgan holda texnologik yechimlarni optimallashtirish, energiya va suv resurslaridan tejamkor foydalanishga alohida e'tibor qaratilmoqda.
Shuningdek, gravitatsiya, flotatsiya, konsentratni quritish va qoldiqlarni quyuqlashtirish texnologik zanjirlarini takomillashtirish, xorijiy moliya institutlaridan mablag' jalb qilish uchun texnik-iqtisodiy asoslashni tayyorlash choralari belgilandi.
Mas'ul shaxslarga 4-mis boyitish fabrikasi uchun zarur yer uchastkalarini ajratish, qurilish maydonchasida tayyorgarlik ishlarini davom ettirish, bazaviy muhandislik hujjatlarini belgilangan muddatda yakunlash va loyihani bosqichma-bosqich ishga tushirish jadvalini aniqlashtirish bo'yicha topshiriqlar berildi.
Source: kun.uz