Farg‘ona viloyatida bir guruh shaxslar Soliq Mobile ilovasidagi keshbek tizimidan noqonuniy foydalanib, byudjet mablag‘larini o‘zlashtirganlikda gumon qilinmoqda. Dastlabki tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ular soxta elektron schyot-fakturalar va cheklar rasmiylashtirish yo‘li bilan 3,2 milliard so‘m keshbekni o‘zlashtirgan.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Farg‘ona viloyati boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, uch nafar fuqaro oldindan til biriktirib, Telegram’da turli nomlar ostida guruhlar tashkil qilgan. Ushbu guruhlar orqali ular yetti MChJ nomidan rasmiylashtirilgan cheklar bo‘yicha keshbek summalarini onlayn sotish bilan shug‘ullangan.
Tekshirish davomida ushbu MChJlar hech qanday real moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirmagani, biroq 3,3 trillion so‘mlik go‘yoki sotilgan tovar va xizmatlar uchun soxta elektron schyot-fakturalar rasmiylashtirilgani aniqlangan. Shuningdek, onlayn nazorat-kassa mashinalari orqali sotuvdan tushgan mablag‘lar to‘g‘risidagi ma’lumotlar shakllantirilib, cheklar tarqatilgan.
Natijada 211 584 nafar fuqaroga Soliq Mobile ilovasi orqali 28,5 milliard so‘m keshbek hisoblangan. Shundan 3,2 milliard so‘m to‘lab berilgan bo‘lib, tergov ma’lumotlariga ko‘ra, bu byudjet mablag‘larini o‘g‘irlash yoki talon-taroj qilish yo‘li bilan o‘zlashtirish hisoblanadi.
Mazkur holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 167 (O‘g‘irlash) va 228 (Hujjatlarni qalbakilashtirish va ulardan foydalanish) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Source: kun.uz