Prezident Shavkat Mirziyoyev harbiy xizmatchilar va mudofaa ishlari organlari fuqaro xodimlarini ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirishga qaratilgan qarorni imzoladi. Bu haqda 8-iyun kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishdan so‘ng mudofaa vaziri Shuhrat Xolmuhamedov ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Toshkent va Samarqand shaharlarida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilar uchun turar joy ijarasi uchun pul ko‘rinishidagi kompensatsiya miqdori 25 foizga oshiriladi. Bu qadam harbiylarning moddiy ahvolini yaxshilashga qaratilgan.
Bundan tashqari, mudofaa ishlari organlarining fuqaro xodimlari ish haqi ham ko‘tariladi. Vazirning ta’kidlashicha, mudofaa ishlari organlari fuqaro xodimlarining ish haqi miqdori 1-iyuldan 20 foizga, 2027-yil 1-yanvardan esa yana 50 foizga oshirilishi belgilandi. Bu haqda u “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Taqdimotda prezidentga harbiy hisobga olish, tibbiy va chaqiruv komissiyalari faoliyatini raqamlashtirish bo‘yicha takliflar ham ma’lum qilindi. Ushbu chora-tadbirlarni mudofaa ishlari organlari faoliyatiga “nol byurokratiya” tamoyilini joriy etish doirasida amalga oshirish taklif etilmoqda.
“Unga ko‘ra, 16 yoshga to‘lgan va ID karta olgan o‘g‘il bolalar to‘g‘risidagi ma’lumotlar Ichki ishlar vazirligining axborot tizimidan olinib, ularni avtomatik tarzda harbiy hisobga qo‘yish tartibini joriy etilishi nazarda tutilmoqda”, — deya ta’kidladi vazir.
Bundan tashqari, mudofaa ishlari bo‘limlarida tibbiy komissiyadan o‘tishni bekor qilish rejalashtirilmoqda. Barcha tibbiy ko‘riklarni tuman va shaharlardagi markaziy ko‘p tarmoqli poliklinikalarda o‘tkazish nazarda tutilmoqda.
Vazirning qayd etishicha, ushbu takliflarning amaliyotga tadbiq etilishi fuqarolarga shaffof raqamli xizmatlar ko‘rsatish imkonini beradi va ortiqcha byurokratiyani qisqartiradi.
Prezident, shuningdek, havo hujumidan mudofaa tizimlari, yuqori aniqlikdagi qurollar va harbiy aviatsiyadan samarali foydalanish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Mavjud qo‘mondonlik negizida Harbiy-havo kuchlarining Jangovar qo‘mondonligi tashkil etiladi.
Source: www.gazeta.uz