Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Farg‘ona viloyati Rishton tumanidagi “Yangiyo‘l” mahallasida 2019-yilda foydalanishga topshirilgan uylar yorilib, poydevorlari cho‘kib, uy-joylar kundan-kunga vayronaga aylanmoqda. Aholi har oy kredit to‘lashga majbur, quruvchi esa uylar sifatli qurilgan deb da’vo qilmoqda.

Kun.uz’ga murojaat qilgan uy egalarining so‘zlariga ko‘ra, muammo tegishli organlar tomonidan o‘rganilgan, ammo amaliy natija yo‘q. “Biz doimiy qo‘rquvda yashayapmiz”, deydi Adxamjon Muhammadaliyev.

“Uyni 2018-yilda kreditga oldik. 2019-yil iyunida topshirildi. Dastlabki to‘lov 17 million so‘m edi. Avval mayda kamchiliklar bor edi, o‘zimiz tuzatamiz deb o‘yladik. Bir yildan so‘ng, birinchi qish va yomg‘irlardan keyin devorlarda yoriqlar paydo bo‘ldi. Tekshiruvda organlar ‘yashashga yaroqli’ degan xulosa berdi. Vaqt o‘tib ahvol yomonlashdi. Ta’mirladik, ammo yoriqlar yana paydo bo‘ldi. Pollar cho‘kdi, uy egildi. Mahallada 100 dan ortiq bunday ‘namunali’ uylar qurilgan, aksariyati ayanchli ahvolda. Uy va’da qilingan loyihaga 50 foiz ham mos kelmaydi. Kuchli zilzila bo‘lsa, uy bizni ko‘mib tashlaydi. Seysmik chidamlilik deyarli yo‘q. Pollar 5-10 santimetrga cho‘kkan. Yuk ko‘taruvchi devor cho‘kish tufayli yorilgan. G‘isht va plitalar ham yorilgan. Kechalari yoriqlar kengayayotganining ovozini eshitamiz. Men javoblar bilan yarim sandiq to‘pladim – natija nol. Uyni buzib, qayta qurish kerak. Quruvchi aybni bizga yuklaydi, ta’mirlashni taklif qilmaydi”, deydi u.

Yana bir uy egasi Murodil Akbarov: “Bu kulgili tuyulishi mumkin, ammo uyim ichida poldan o‘t o‘smoqda. Pollar cho‘kkan, suvoq to‘kilgan, devorlar yoriq. Bir-ikki yildan keyin uy qulab tushadi. Biz qo‘rquvda yashayapmiz. Besh yil oldin ko‘chib kelganman. Har oy kredit to‘layman. Agar to‘lov sifatli uy-joy uchun bo‘lsa, ikkilanmay to‘lardim. Ammo hozir yashash mumkin emas. Shift qulab tushishidan qo‘rqaman, kechalari tinch uxlay olmayman. Quruvchilar bir-ikki marta kelishdi, aybni birovga yuklab ketishdi. Kuchli zilzilada bizga oxirat”, deydi.

“Madina” xususiy korxonasi rahbari Mirzaakbar Mansurov bilan telefon orqali bog‘landik. U yoriqlar borligini inkor etadi va poydevor cho‘kishiga aholining o‘zi aybdor deb da’vo qiladi. “Uylarni har 1-2 yilda kosmetik ta’mirlash kerak. G‘isht va devorlar ‘aniq’, ammo uylar qarovsiz, hech kim ularga qaramaydi”, deydi u. Uning so‘zlariga ko‘ra, Kun.uz’ga murojaat qilgan aholi o‘zlari poydevor ostiga suv quyishadi, shu sababli cho‘kish sodir bo‘ladi.

Source: kun.uz