Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari 3-iyun kuni bo‘lib o‘tgan yalpi majlisda 2025-yilgi davlat budjeti ijrosini muhokama qilish chog‘ida davlat tibbiy sug‘urtasi tizimini joriy etish masalasini ko‘tardi.
“Adolat” sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasi deputati Zuhriddin Mavlonov mazkur tizim aholini sifatli va kafolatlangan tibbiy xizmatlar bilan ta’minlash maqsadida joriy etilayotganini ta’kidladi. Shu bilan birga, uning so‘zlariga ko‘ra, deputatlarning hududlarda saylovchilar bilan uchrashuvlari vaqtida eng ko‘p shikoyatlar dori vositalari bilan ta’minlash masalasi yuzasidan bildirilmoqda.
“Deputatlar tomonidan hududlarga borib, saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazilganda eng ko‘p e’tirozlar dori-darmon xarid qilish masalasi bo‘yicha bo‘lyapti”, — dedi u.
Deputat prezident raisligida may oyida o‘tkazilgan selektor yig‘ilishida ham mazkur soha tanqid qilinganini eslatdi. O‘shanda mablag‘lardan maqsadli foydalanish, tizimni raqamlashtirish va aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatishni yanada rivojlantirish bo‘yicha vazifalar belgilangandi.
Hisobot ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda sog‘liqni saqlash sohasi uchun davlat budjetidan ajratilgan 43 trln so‘mning 22 trln so‘mi tibbiy sug‘urtaga yo‘naltirilgan, dedi deputat.
Shu munosabat bilan, Mavlonov ikki savol bilan murojaat qildi. Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Sherzod Muhamedov mamlakatda tibbiy sug‘urta tizimini joriy etish bo‘yicha izchil ishlar olib borilayotganini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, islohot muddatlarini baholashda rivojlangan davlatlar tajribasini hisobga olish zarur.
“Bu borada xorijiy, ya’ni rivojlangan davlatlar tajribasi o‘rganilganda, shu rivojlangan davlatlarga ham tibbiy sug‘urta tizimiga to‘liq o‘tish uchun 10−20 yil ketganining guvohi bo‘lishimiz mumkin”, — dedi u.
Muhamedov misol sifatida Turkiyani keltirdi. U yerda tibbiy sug‘urta jamg‘armasi 2003-yildan joriy etila boshlangan. Uning aytishicha, Yaponiyada bunday jarayonlar qariyb 40 yil davom etmoqda, Janubiy Koreyada esa sog‘liqni saqlash tizimini tibbiy sug‘urta bilan to‘liq qamrab olish uchun 12 yil talab qilingan.
“Shularni inobatga olgan holda, mamlakatimizda ham tibbiy sug‘urta tizimiga o‘tish bo‘yicha bosqichma-bosqich ishlar belgilab olingan va bugungi kunda biz to‘liq tibbiy sug‘urta bilan qamrab olish darajasini oshirish bo‘yicha ishlamoqdamiz”, — dedi vazir o‘rinbosari.
Muhamedovning so‘zlariga ko‘ra, islohotning yakuniy maqsadi mablag‘lar tibbiyot muassasalariga emas, balki fuqarolarga bog‘langan tizimni yaratishdan iborat.
“Sog‘liqni saqlash tizimini to‘liq raqamlashtirish orqali mablag‘lar tibbiyot muassasalari emas, balki fuqarolar orqasidan yuradigan bir tizimni yaratish pirovard natija sifatida belgilab olingan”, — dedi u.
Vazir o‘rinbosari O‘zbekiston bunday tizimga “yaqin yillarda” o‘ta olishi mumkinligini bildirdi.
Hisob palatasining Davlat tibbiy sug‘urta jamg‘armasi moliyalashtirilishini boshqarish sxemasini o‘zgartirish bo‘yicha taklifiga munosabat bildirgan Muhamedov mazkur masala Hisob palatasi va xalqaro moliya institutlari bilan birgalikda ishlab chiqilayotganini ma’lum qildi.
“Hisob palatasining tavsiyalariga keladigan bo‘lsak, to‘g‘ri, ushbu tizimni rivojlantirish uchun Hisob palatasi xalqaro moliya institutlari bilan birgalikda ishlar amalga oshirilmoqda. Va bu takliflarni biz hukumatda kelgusi yil uchun budjet loyihasini ko‘rib chiqishda muhokama qilamiz va sizlar bilan ham maslahatlashgan holda bu tizimni joriy qilishga umid qilamiz”, — dedi vazir o‘rinbosari.
Avvalroq budjet ijrosi bo‘yicha ma’ruzasida bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov 2025-yilda sog‘liqni saqlash sohasi uchun budjetdan 43,3 trln so‘m ajratilganini ma’lum qilgan edi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 15 ta tumanda pilot tarzda birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini ko‘rsatishning yangi tizimi joriy etilgan. Mazkur muassasalarni joriy ta’mirlash, raqamlashtirish, jihozlash va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash uchun 368 mlrd so‘m yo‘naltirilgan.
Qo‘chqorov shuningdek Davlat tibbiy sug‘urta jamg‘armasi xususiy tibbiyot muassasalarining rivojlanishiga ham hissa qo‘shayotganini ta’kidladi. Jamg‘arma orqali shartnoma asosida xizmat ko‘rsatuvchi xususiy klinikalar soni 2024-yildagi 49 tadan 2025-yilda 86 taga yetgan.
2025-yil may oyida prezident Shavkat Mirziyoyev tibbiy sug‘urta tizimini joriy etish yildan-yilga surilib kelayotganini tanqid qilgan edi. O‘sha paytda “Elektron retsept”, “Elektron poliklinika” va “Elektron shifoxona” tizimlari ishga tushirilmagan edi. Sog‘liqni saqlash vazirining ikki nafar o‘rinbosari lavozimidan ozod etilgan, yana biri esa ogohlantirilgan edi.
Joriy yil may oyida O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri etib bunga qadar Prezident administratsiyasi Huquqiy ekspertiza va kompleks tahlil qilish departamenti shu’ba mudiri bo‘lib ishlagan Eldor Adilov tayinlandi. Asilbek Xudayarov esa boshqa ishga o‘tgani munosabati bilan vazir lavozimidan ozod qilingan, ammo uning yangi lavozimi hozircha ma’lum qilinmagan.
Source: www.gazeta.uz