Prezident Shavkat Mirziyoyev urbanizatsiya va shaharsozlik sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini oshirishga qaratilgan taqdimot bilan tanishdi.
Taqdimotda mamlakatda ulushli ishtirok asosida ko‘p kvartirali uy-joy qurilishi hajmi 2,5 barobarga oshib, o‘tgan yili 11 million kvadrat metrdan oshgani qayd etildi.
Shu bilan birga, ulushli uy-joy qurilishi bilan bog‘liq huquqbuzarliklar soni ham oshgan. Faqat o‘tgan yili 3 mingga yaqin fuqaroga 668 milliard so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.
Shu munosabat bilan ulushli qurilish to‘g‘risidagi qonun loyihasi ishlab chiqilgan. Unda ulushli qurilish loyihalarini yangi yondashuvlar asosida tartibga solish, fuqarolar mablag‘larini himoya qilish va qurilish jarayonlarining shaffofligini ta’minlash ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, taqdimotda shaharsozlik sohasidagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni kuchaytirish masalasi ko‘rib chiqildi. Noqonuniy va o‘zboshimchalik bilan qurilish, qurilish muddatlarini sun’iy ravishda cho‘zish, yer uchastkalaridan samarasiz foydalanish kabi muammolar saqlanib qolayotgani ta’kidlandi.
2025-yilda 1952 ta noqonuniy qurilish aniqlangan. Amaldagi jarimalar yetarlicha to‘xtatuvchi ta’sirga ega emasligi sababli, huquqbuzarliklar uchun moliyaviy sanktsiyalarni kuchaytirish taklif qilingan.
Source: uznews.uz