Futbol bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro OAVda e’lon qilingan, AQShdagi Niderlandiyaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi oldidan jamoaning tekshiruvdan o‘tkazilgani aks etgan videolarga izoh berdi.
O‘zining Instagram sahifasidagi bayonotida u “chalg‘ituvchi sarlavhalar”ni ko‘rganini va “vaziyatga oydinlik kiritishga” qaror qilganini ta’kidladi. Kannavaroning so‘zlariga ko‘ra, bu standart xavfsizlik tartib-qoidasi bo‘lgan.
“Bu oddiy, standart tekshiruvlar edi. Odamlar bir narsani tushunmayapti: Jahon chempionatida ishtirok etuvchi milliy terma jamoalar sayohat qilganda, ular oddiy yo‘lovchilar kabi aeroport terminallari orqali o‘tmaydi, balki jamoalar uchun ajratilgan avtobuslarda to‘g‘ridan to‘g‘ri perronga olib boriladi”, — deb yozdi u.
Bosh murabbiy oddiy yo‘lovchilar terminalda o‘tadigan tekshiruvlardan terma jamoa a’zolari to‘g‘ridan to‘g‘ri perronning o‘zida o‘tishini tushuntirdi. “Xuddi o‘shanday. Bu standart tartib-qoida”, — deb qayd etdi Kannavaro.
U sodir bo‘lgan voqeada “hech qanday skandal yo‘q”ligini alohida ta’kidladi. “Hech qanday noloyiq yoki hurmatsiz munosabat bo‘lmagan”, — dedi murabbiy.
Uning so‘zlariga ko‘ra, xuddi shunday tartib-qoidalar o‘yinlar oldidan ham amal qiladi. Niderlandiyaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi oldidan ham jamoalar xavfsizlik tekshiruvidan o‘tgan.
“Har bir o‘yin oldidan jamoalar yoxud Niderlandiya bilan bo‘lgani kabi to‘g‘ridan to‘g‘ri mehmonxonadan chiqishdan oldin yoki biz bilan sodir bo‘lganidek to‘g‘ridan to‘g‘ri stadionda tekshiruvdan o‘tkaziladi”, — deb yozdi Kannavaro.
O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi safar va o‘yin tashkilotchiligi “mukammal” bo‘lganini qo‘shimcha qildi.
Gazeta yozganidek, 8-iyun kungi o‘yin oldidan xavfsizlik xizmati vakillari O‘zbekiston terma jamoasi a’zolarini qo‘l metallodetektorlari yordamida tekshiruvdan o‘tkazgan. Shuningdek, ulardan sumka va anjomlarini avtobus yonidagi yerga qo‘yish so‘ralgan. Yaqin atrofda xavfsizlik sohasi vakillari va o‘z iti bilan kinolog ham bor edi.
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Gazeta’ga tekshiruv xavfsizlik masalalari bilan bog‘liq bo‘lganini, boshqa jamoalar ham undan o‘tganini ma’lum qildi, biroq delegatsiya bu qadar qattiq tartib-qoidani kutmaganini tan oldi. Boshqa mamlakat jamoalari, xususan, Senegal va Belgiya ham shunga o‘xshash tekshiruvga duch kelgan, ammo u aeroportda o‘tkazilgan.
O‘zbekiston TIV matbuot kotibi Omonulla Fayziyev Gazeta’ga bergan izohida ushbu tekshiruv bo‘yicha AQSh rasmiylaridan tushuntirish so‘ralganini qayd etdi va bu kabi tartib-qoidalar sport tadbirlari ruhiga putur yetkazmasligi kerakligini ta’kidladi.
Source: www.gazeta.uz