Prezident tomonidan imzolangan «Shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risida»gi qonun mulkdorlar huquqlarining ustuvorligini mustahkamlab, ularning kafolatlarini kuchaytiradi va eskirgan uy-joy fondini yangilashga qaratilgan.
Qonunda belgilanishicha, renovatsiyani amalga oshirishning majburiy shartlaridan biri loyihaga kiritilgan har bir ob’ekt mulkdorlarining kamida 4/5 qismining notarial tasdiqlangan yozma roziligini olishdir.
Huquq egasi o‘z tanloviga ko‘ra kompensatsiya olishi yoki renovatsiya loyihasida hammuassis sifatida ishtirok etishi mumkin. Huquq egasi deb shaharsozlik renovatsiyasi hududida joylashgan ko‘chmas mulk ob’ektiga egalik qiluvchi jismoniy yoki yuridik shaxs hisoblanadi.
Kompensatsiya quyidagi shakllarda berilishi mumkin: shaharsozlik renovatsiyasi amalga oshirilayotgan hududda qurilgan yangi turar-joy yoki noturar joy ob’ektiga egalik huquqini berish; boshqa joyda turar-joy yoki noturar joy ob’ektiga egalik huquqini berish; pul kompensatsiyasi; tomonlar kelishuvida nazarda tutilgan boshqa kompensatsiya shakllari.
Agar kompensatsiya sifatida turar-joy yoki noturar joy ob’ekti berilsa, beriladigan maydon huquq egasiga tegishli bo‘lgan va renovatsiya qilinishi kerak bo‘lgan uy-joy maydonidan kam bo‘lmasligi kerak. Bunday ob’ekt yashashga tayyor holatda va birinchi navbatda pastki qavatlarda taklif qilinishi kerak.
Huquq egasiga quyidagilar qoplanishi kerak: agar kompensatsiya pul shaklida to‘lansa, ko‘chmas mulk ob’ektlarining bozor qiymati; yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning bozor qiymati; yer uchastkasida joylashgan ko‘p yillik daraxtlar va o‘simliklarning bozor qiymati; ko‘chish va vaqtincha turar-joy yoki noturar joy ijarasi bilan bog‘liq xarajatlar; yer uchastkasi hamda unda joylashgan turar-joy va noturar joy ob’ektlaridan foydalanish natijasida olinishi mumkin bo‘lgan ikki yillik yo‘qotilgan foyda; boshqa xarajatlar va zararlar.
Kompensatsiya miqdori huquq egasi va Direksiya o‘rtasidagi kelishuv bilan belgilanadi. Agar kelishuvga erishilmasa, kompensatsiya miqdori sud tartibida belgilanadi.
Shaharsozlik renovatsiyasi dasturini amalga oshirishdan zarar ko‘rgan huquq egalariga Direksiya belgilangan kompensatsiyaning 10% miqdorida bir martalik qo‘shimcha pul to‘lovini amalga oshiradi.
Agar olib qo‘yiladigan yer uchastkasida huquq egasining o‘zboshimchalik bilan qurilgan turar-joy uylari, ishlab chiqarish binolari va inshootlari mavjud bo‘lsa, ularning bozor qiymati ham to‘liq qoplanishi kerak.
Agar yer uchastkasida turar-joy uyi joylashgan bo‘lsa va yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlar mavjud bo‘lmasa, lekin turar-joy uyiga bo‘lgan mulk huquqi tan olingan yoki fuqaroning uzoq vaqt davomida vijdonan, ochiq va uzluksiz ravishda o‘z mulki sifatida egalik qilgani tasdiqlangan bo‘lsa, bunday ko‘chmas mulkning bozor qiymati soliq to‘lamasdan to‘liq qoplanadi.
Source: uznews.uz