10 iyun kuni Andijon viloyati Marhamat tumani Markaziy poliklinikasida fojiali hodisa yuz berdi. 57 yoshli santexnik N.I. oqova suvlar uchun mo‘ljallangan nasos agregatini tozalash vaqtida gazdan zaharlanib halok bo‘ldi.
Qutqarishga urungan uch nafar xodim – qo‘riqchi, elektrchi va assenizator mashinasi haydovchisi ham zaharlanib, vafot etdi. FVV matbuot xizmati qutqaruvchilar to‘rt jasadni olib chiqqanini tasdiqladi.
Andijon viloyati hokimligi ma’lumotiga ko‘ra, Shuxrat Abdurahmonov topshirig‘iga binoan voqea joyiga viloyat hokimining ikki o‘rinbosari yetib borgan.
«Marhumlarning oilalari ziyorat qilindi, hokim nomidan chuqur ta’ziya izhor etildi, dafn marosimlarini o‘tkazish bo‘yicha barcha tashkiliy masalalar hal qilindi», deyiladi hokimlik xabarida.
Jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. «Tergov natijalariga ko‘ra qonuniy qaror qabul qilinadi. Vaziyat tegishli organlar tomonidan to‘liq nazorat qilinmoqda», deb qo‘shimcha qildi hokimlik.
Source: kun.uz