Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekistonda bir yil ichida to‘rtta yangi dori vositasini ro‘yxatga olish rejalashtirilgan. Bu dorilar, asosan, ko‘krak bezi saratoni va boshqa onkologik kasalliklar, shuningdek, noyob kasalliklarni davolashga mo‘ljallangan.

Bu haqda Podrobno.uz muxbiriga Toshkentda bo‘lib o‘tgan V Xalqaro Farmatsevtika Forumida AstraZeneca kompaniyasining Rossiya va Yevroosiyo bo‘yicha biznesni rivojlantirish va frontyer bozorlar direktori Tatyana Kubasova ma’lum qildi.

Ushbu preparatlarni O‘zbekistonda ishlab chiqarishni mahalliylashtirish masalasi ochiqligicha qolmoqda. Kubasovaning tushuntirishicha, ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishdan oldin sog‘liqni saqlash tizimini – bemorni diagnostika qilishdan davolash tayinlashgacha bo‘lgan jarayonni yo‘lga qo‘yish kerak. Faqatgina dori vositasiga bo‘lgan ehtiyoj barqaror va bashorat qilinadigan bo‘lganda, ishlab chiqaruvchi mahalliylashtirishni ko‘rib chiqishga tayyor bo‘ladi. Aniq muddatlar aytilmagan bo‘lsa-da, Sog‘liqni saqlash vazirligi ko‘magida bir-ikki yil ichida bu borada siljishlar bo‘lishiga umid bildirildi.

Asosiy masalalardan biri innovatsion terapiyaning narxi bo‘lib, onkologiya va noyob kasalliklarni davolash uchun qimmat dori vositalari O‘zbekistondagi ko‘pchilik bemorlar uchun imkonsiz bo‘lib qolmoqda. Kubasovaning fikricha, yechim kost-shering mexanizmi bo‘lishi mumkin – bu qimmat dori vositasining narxini bir necha tomonlar: davlat, sug‘urta tizimi va kerak bo‘lsa, bemorning o‘zi o‘rtasida taqsimlash mexanizmi.

“Biz innovatsiyalarni aynan bemorlar eng ko‘p muhtoj bo‘lgan sohalarga olib kelamiz”, – dedi Kubasova. Uning so‘zlariga ko‘ra, AstraZeneca O‘zbekistonda bunday dasturlarni rivojlantirishda faol ishtirok etishga tayyor.

Source: podrobno.uz