Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Kagon shahar jinoyat ishlari bo‘yicha sudida 33 yoshli M.B.ga nisbatan yollanma askarlikda ayblangan ish ko‘rib chiqildi. Sud hukmiga ko‘ra, u 2022 yilda Rossiyaga ishlash uchun ketgan.

2024 yil aprel oyida u xususiy taksi haydovchisi bo‘lib ishlagan vaqtida ikki nafar erkak unga yo‘lovchi sifatida o‘tirgan. Ular Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush haqida so‘roq qila boshlagan.

Keyinroq, uning so‘zlariga ko‘ra, yo‘lovchilar o‘zlarini politsiya xodimlari sifatida tanishtirgan. Ular uning hujjatlarida qoidabuzarliklar borligini aytib, giyohvand moddaga o‘xshash paketni ko‘rsatgan va uni avtomobilida topilgan deb rasmiylashtirish bilan tahdid qilgan.

Unga 13 yil qamoq jazosi tahdidi ostida harbiy qismga kelib, shartnoma imzolash taklif qilingan. 2024 yil iyul oyida shartnoma imzolaganidan so‘ng u Rossiya pasportini olgan. Xizmat davomida haydovchi vazifasini bajarib, harbiylar, qurol-yarog‘ va oziq-ovqat tashigan.

2025 yil iyul oyida u Novopol qishlog‘i hududiga jangovar harakatlar davom etayotgan joyga yuborilgan. O‘limdan qo‘rqib, u qo‘lbola portlovchi qurilma yasab, qo‘l barmog‘ini portlatgan. Harbiy gospitalga tushganidan so‘ng u O‘zbekistonga qochishga muvaffaq bo‘lgan.

Sud majlisida u qilmishidan chin dildan pushaymon ekanligini va jinoyatni majburan, qamoq jazosidan qo‘rqib sodir etganini aytgan. Sud M.B.ni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismida (Yollanma askarlik) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topib, 3 yil qamoq jazosiga hukm qilgan.

Source: uznews.uz