Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekistonda alkogol va tamaki mahsulotlarining zarari haqida ogohlantiruvchi belgilar va axborot panellarini joylashtirishning yangi tartibi tasdiqlandi. Sog‘liqni saqlash vazirining buyrug‘i bilan tasdiqlangan ushbu qoidalar 2026-yil 17-sentabrdan kuchga kiradi.

Yangi talablarga ko‘ra, barcha xo‘jalik yurituvchi subyektlar sentyabr o‘rtalariga qadar ogohlantiruvchi belgilarni o‘rnatishi kerak. Agar ilgari o‘rnatilgan belgilar yangi normalarga mos kelmasa yoki tasvirlar o‘qib bo‘lmaydigan holga kelgan bo‘lsa, ularni almashtirish lozim.

Barcha belgilar davlat tilida bo‘lishi shart. Zarur hollarda ularni boshqa tillardagi matnlar bilan to‘ldirish mumkin. Aksariyat ob’ektlar uchun belgilarning minimal o‘lchami A5 formati (148x210 mm) qilib belgilangan. Jamoat transportida esa kamida 50x50 mm o‘lchamga ruxsat etiladi. Belgilar poldan yoki yerdan 1,5-2,5 metr balandlikda yaxshi ko‘rinadigan joylarga o‘rnatilishi kerak.

Alkogolning zarari haqida ogohlantiruvchi belgilar ish joylari, ko‘chalar, stadionlar, xiyobonlar, bog‘lar, shahar transporti va boshqa jamoat joylarida o‘rnatilishi lozim. Istisno – alkogolni quyib sotishga ruxsat berilgan savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari, shuningdek to‘y va boshqa tantanalar o‘tkaziladigan joylar.

Tamaki mahsulotlari haqidagi ogohlantirishlarga qo‘yiladigan talablar ancha kengroq. Bunday belgilar binolar va xonalarga kirish joylarida, chekish uchun maxsus ajratilgan joylardan tashqari hamma joyda o‘rnatilishi kerak. Ular savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari, umumiy ovqatlanish korxonalari, kinoteatrlar, teatrlar, sirk, konsert va ko‘rgazma zallari, klublar, diskotekalar, kompyuter zallari, muzeylar, kutubxonalar va boshqa ommaviy tashrif buyuriladigan joylarda majburiydir.

Shuningdek, ogohlantiruvchi belgilar poyezdlar, avtobuslar, metro, taksi, samolyotlar va boshqa jamoat transportida, metro stansiyalari, bekatlar, yer osti o‘tish joylari, vokzallar, aeroportlar, daryo portlari va yoqilg‘i quyish shoxobchalarida bo‘lishi kerak. Bundan tashqari, belgilar ish joylari, koridorlar, liftlar, vestibyullar, hojatxonalar, dam olish xonalari va boshqa xonalarda o‘rnatilishi lozim. Yangi talablar tibbiy muassasalar, dorixonalar, o‘quv yurtlari, madaniyat va sport ob’ektlari, mehmonxonalar, turar-joy majmualari, bolalar va sport maydonchalari, bog‘lar va plyajlarni ham qamrab oladi.

Qo‘shimcha ravishda, tamaki mahsulotlarini iste’mol qilish uchun maxsus ajratilgan joylar uchun yangi axborot taxtalari va tamaki mahsulotlari qadoqlari uchun yangilangan tibbiy ogohlantirishlar (chekish oqibatlari tasvirlangan grafik rasmlar bilan) tasdiqlandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2026-yil 1-iyundan boshlab umumiy ovqatlanish va mehmonxona xizmatlari sohasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlarga alkogol va tamaki mahsulotlarini sotishda naqd to‘lovlarni qabul qilishga ruxsat berilgan edi.

Source: podrobno.uz