Art Basel (Shveysariya) haftaligi davomida Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi ikkinchi Buxoro biyennalesi o‘tkaziladigan sanalarni e’lon qildi. U 2027-yilning 3-sentabrida ochiladi va 21-noyabriga qadar davom etadi. San’at tadbirining diqqat markazida san’at, shahar muhiti va barqaror rivojlanish o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik bo‘ladi. Biyennale mavzusi keyinroq ma’lum qilinadi.
Loyihaning art-direktori va kuratori etib asli tailandlik bo‘lgan amerikalik arxitektor va dizayner, Los Anjelesdagi (AQSh) WHY Architecture arxitektura ustaxonasi asoschisi, boshqaruvchi va kreativ direktori Kulapat Yantrasast tayinlandi. Yantrasastning amalga oshirilgan loyihalari qatoriga Grand-Rapids san’at muzeyi (GRAM), Metropoliten muzeyidagi Maykl Rokfeller qanotining rekonstruksiyasi, Luvrdagi (Fransiya) loyihalar, Osakada o‘tgan Expo 2025 ko‘rgazmasidagi futuristik Yoshimoto paviloni va boshqalar kiradi.
Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisi va biyennale komissari Gayane Umerovaning so‘zlariga ko‘ra, Yantrasast “loyihaga chuqur gumanistik va fanlararo qarash olib kiradi, unda arxitektura, hunarmandchilik, ekologiya, fan va badiiy amaliyot umumiy kelajakni shakllantirishning o‘zaro bog‘liq usullari sifatida qaraladi”.
Tashkilotchilar Buxoroning ko‘p asrlik tarixini alohida ta’kidlashni va shaharni yana madaniyatlar, g‘oyalar hamda ijodiy tajribalar uchrashuv joyiga aylantirishni maqsad qilgan. Ularning fikriga ko‘ra, loyiha shahar muhitining salohiyatini yuzaga chiqarishga yordam beradi va shu bilan birga xalqaro madaniy muloqotni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Biyennale maydoni kengayishi kutilmoqda. U butun shahar bo‘ylab tarixiy obidalar, jamoat joylari va arxitektura ansambllarini qamrab oladi. Ba’zi lokatsiyalar keng jamoatchilik uchun ilk bor ochiladi.
“O‘zbekiston meni birinchi tashrifimdanoq o‘z obidalari bilan emas, balki odamlari — ularning hikoyalari, saxovati va dunyoga hamisha ochiq bo‘lgan madaniyatining osoyishta ishonchi bilan maftun etdi. 2027-yildagi maqsadim infratuzilmani madaniyatning bir qismi sifatida qabul qilgan holda ushbu muloqotni chuqurlashtirishdir. Bunda karvonsaroylar, madrasalar, hammomlar, maydonlar va bog‘lar rassomlar, hunarmandlar, ekologlar hamda tadqiqotchilar o‘rtasida g‘oyalar almashinuvi maydoniga aylanadi”, — dedi Kulapat Yantrasast.
Art obyektlarni bevosita O‘zbekistonning o‘zida yaratish rejalashtirilgan bo‘lib, bu orqali mahalliy bilimlar, hunarmandchilik mahorati va madaniy an’analarning qadr-qimmati alohida urg‘ulanadi. Ishlar fanlararo yondashuv doirasida, ya’ni turli soha mutaxassislari, jumladan, ekologlar, tarixchilar, iqtisodchilar va urbanistlarni jalb qilgan holda olib boriladi.
Biyennalega tayyorgarlik ko‘rish doirasida, Wilmotte & Associés arxitektura byurosi tomonidan Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi uchun ishlab chiqilgan Buxoroni revitalizatsiya qilish (qayta jonlantirish) bo‘yicha master-reja asosida tarixiy arxitektura yodgorliklarini restavratsiya qilish va yangi madaniy institutlar tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, ilk bor Buxoro biyennalesining maslahat kengashi shakllantiriladi. Uning tarkibiga quyidagilar kiradi: Aya Al-Bakri — Dir’iya biyennalesi jamg‘armasi bosh direktori (Saudiya Arabistoni); Dilyara Allahverdova — san’at kolleksioneri va metsenat, MGIMO bitiruvchisi (Ozarbayjon); Aliya Al-Senussi — san’at va madaniyat sohasi strategi (Liviya/Buyuk Britaniya); Alberto Kavalli — Michelangelo Foundation ijrochi direktori va Homo Faber Biennial bosh direktori (Italiya); Aaron Sezar — Delfina Foundation asoschisi va direktori (Buyuk Britaniya); Kris Derkon — san’atshunos, kurator va Fondation Cartier pour l’Art Contemporain bosh direktori (Belgiya); Maykl Govan — Los-Anjeles okrugi san’at muzeyi (LACMA) bosh direktori va direktori (AQSh).
Birinchi Buxoro biyennalesi 2025-yilda bo‘lib o‘tgan edi. Uning doirasida 70 dan ortiq loyiha taqdim etilgan. Ko‘rgazmaga 1,8 millionga yaqin kishi tashrif buyurgan.
Source: www.gazeta.uz