Bosh prokuratura matbuot xizmati xabariga ko‘ra, o‘zini Bosh prokuratura xodimi sifatida tanishtirib, bir nechta fuqarolarning pul mablag‘lari va mol-mulkini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan shaxs qamoqqa olingan.
Bosh prokuratura Shaxsiy xavfsizlik boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida fuqaro A.A. o‘zini prokuratura xodimi sifatida tanishtirib kelgani aniqlangan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u fuqarolar B.M. va S.Sh.ga arzon narxda bug‘doy mahsuloti sotib olib, uni qayta ishlash orqali katta daromad topish mumkinligini aytib, ularning ishonchiga kirgan va 1,7 mlrd so‘m pul mablag‘ini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.
Shuningdek, A.A. jabrlanuvchi M.T.ga tegishli MCHJ uchun Yakkasaroy tumanidagi 50 sotix yer maydoni bo‘yicha Toshkent shahar hokimining qarori Oliy sud tomonidan bekor qilinganidan xabardor bo‘lgan. U mazkur qarorni qayta tiklab berishni va’da qilib, M.T.dan 95 ming AQSh dollarini olgani aytilmoqda.
Bosh prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, A.A. Facebook orqali tanishgan fuqaro I.N.ga ham o‘zini prokuratura xodimi sifatida tanishtirgan. Keyinchalik u 2014-yilda ishlab chiqarilgan, bahosi 8,5 ming dollar bo‘lgan Cobalt avtomashinasini yangi Gentra avtomobiliga almashtirib berishni va’da qilib, avtomashinani egallab olgan. Avtomobilni boshqa shaxsga sotib yuborgan va tushgan mablag‘ni shaxsiy ehtiyojlari uchun sarflagan.
Yana bir holatda esa A.A. fuqaro A.K. bilan yaqin munosabat o‘rnatib, unga tegishli xonadon kalitining nusxasini qo‘lga kiritgan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, A.K. sayohatda bo‘lgan vaqtda xonadonga noqonuniy kirib, ko‘p miqdordagi tilla taqinchoqlarni o‘g‘irlab ketgan.
2026-yil 18-iyun kuni A.A.ga nisbatan Jinoyat kodeksining firibgarlik, o‘g‘irlik va boshqa moddalari bilan ayblov e’lon qilinib, unga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Bosh prokuratura mazkur shaxsning xatti-harakatlaridan jabr ko‘rgan yoki u haqida qo‘shimcha ma’lumotga ega bo‘lgan fuqarolardan “1161” ishonch telefoni orqali murojaat qilishni so‘radi. Murojaat qiluvchilarning shaxsi sir saqlanishi kafolatlanishi ta’kidlangan.
Source: www.gazeta.uz