Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025/2026 o‘quv yili boshida O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarida 1 million 535 ming talaba tahsil olgan.
Bu ko‘rsatkich o‘tgan o‘quv yiliga nisbatan 102,2 ming kishiga yoki 7,1 foizga oshgan. 2021/2022 o‘quv yili bilan solishtirganda esa talabalar soni deyarli ikki baravar ko‘paygan – 808,4 mingdan 1,53 million kishiga yetgan.
Jami talabalarning 782,9 ming nafari qizlar, 752,1 ming nafari esa o‘g‘il bolalardir. Besh yil oldin oliy o‘quv yurtlarida 369 ming qiz (45 foiz) tahsil olgan edi.
2025/2026 o‘quv yili boshida O‘zbekistonda 215 ta oliy ta’lim tashkiloti (filiallar bilan birga) faoliyat ko‘rsatgan. Bir yil ichida ularning soni 7 taga kamaygan.
Eng ko‘p oliy o‘quv yurtlari Toshkent shahrida joylashgan – 98 ta. Keyingi o‘rinlarda Toshkent viloyati – 19 ta, Samarqand viloyati – 14 ta, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Buxoro viloyati – 11 tadan.
Source: uznews.uz