Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Surxondaryo viloyatidagi Oqtepa suv ombori qirg‘og‘ida Aleksandr Grigorevich Fedin tomonidan barpo etilgan o‘rmonzor dendrologik parkka aylantiriladi. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Prezidentning ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi — qo‘mita raisi Aziz Abduhakimov Surxondaryoning Jarqo‘rg‘on tumanida Aleksandr Fedin bilan uchrashib, bog‘ni ko‘zdan kechirdi.

Suhbat davomida Fedinga Ekologiya qo‘mitasi tizimiga kiruvchi O‘rmon xo‘jaligi agentligiga ishga qabul qilinishi ma’lum qilindi. Bundan tashqari, u ko‘p yillar davomida yovvoyi hayvonlar, qushlar va bioxilma-xillikning boshqa obyektlari uchun yashash muhitini yaratgan suv ombori hududida umumiy maydoni 1500 gektar bo‘lgan dendrologik bog‘ tashkil etiladi.

Fedinning ko‘p yillik mehnati, tabiatni muhofaza qilishga qo‘shgan hissasi va ijtimoiy ahvoli inobatga olinib, bo‘lajak dendrologik park hududida unga barcha zarur qulayliklarga ega xizmat uyi beriladi, deya ta’kidladi qo‘mita.

Shuningdek, bog‘ xodimlari uchun zarur sharoitlar yaratiladi. Xususan, ular hududni qo‘riqlash uchun transport vositalari bilan ta’minlanadi.

Avvalroq Gazeta Aleksandr Fedin va u yaratgan o‘rmon haqidagi voqeani hikoya qilgan edi. U Surxondaryo viloyatidagi Oqtepa suv ombori qirg‘og‘ida 101 gektarlik o‘rmon maydonini 1980-yillarning oxiridayoq barpo eta boshlagan. Viloyat ekologiya boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, hududda 30 ga yaqin hayvon va 500 dan ortiq daraxt turi, jumladan, Qizil kitobga kiritilgan turlar ro‘yxatga olingan.

Iyun oyi boshida shoir va jurnalist Fozil Farhod Fedinning o‘rmonni tark etishga majbur bo‘lgani, shundan so‘ng Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazining viloyat filialiga joylashtirilgani haqida xabar bergan edi. Bu xabar jamoatchilik orasida keng rezonansga sabab bo‘ldi.

Shundan so‘ng Prezident administratsiyasi va Ekologiya milliy qo‘mitasi vaziyatni alohida nazoratga oldi. Qo‘mita Fedinga zarur tibbiy yordam ko‘rsatilayotgani, shuningdek, uni ishga joylashtirish va munosib yashash sharoitlari bilan ta’minlash masalalari ishlab chiqilayotganini ma’lum qilgan.

Aleksandr Fedin 2023-yilda “Tabiat himoyachisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan. 2024-yil avgust oyida prezident Shavkat Mirziyoyevning farmoni bilan u “Oqtepa” ovchilik xo‘jaligi rahbari sifatida “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlangan.

Source: www.gazeta.uz