Toshkent shahrida Yo‘l harakatini tashkil etish markazi avtobuslar uchun ajratilgan “A” toifasidagi yo‘laklarni deliniatorlar bilan jihozlashni boshladi. Bu haqda markaz matbuot xizmati xabar berdi.
Magic City hududidagi Furqat ko‘chasidan Xalqlar do‘stligi saroyi atrofidagi Islom Karimov ko‘chasigacha bo‘lgan yo‘l qismida maxsus chiziqlar chizilib, deliniatorlar o‘rnatilmoqda. Ushbu jismoniy ajratuvchi elementlar boshqa transport vositalarining avtobus yo‘lagiga kirib ketish ehtimolini kamaytiradi.
Markaz ta’kidlashicha, deliniatorlar tartibsiz qayta saflanishlarning oldini oladi va haydovchilarga jamoat transporti ustuvorligi qayerdan boshlanishini oldindan ko‘rsatib turadi. Bu chora-tadbirlar avtobuslar harakatini tezlashtirish, tig‘iz vaqtlarda kechikishlarni kamaytirish va qatnov jadvalini barqarorlashtirishga xizmat qiladi.
Xalqaro tajribaga ko‘ra, AQSh, Ispaniya, Buyuk Britaniya, Singapur, Avstraliya va Bokuda alohida avtobus yo‘laklari jamoat transporti samaradorligini oshirgan. Toshkentda ham shunday yondashuv qo‘llanilmoqda.
Joriy yilda poytaxtning 30 dan ortiq ko‘chasida “A” toifasidagi yo‘laklar tashkil etilishi rejalashtirilgan. Ushbu yo‘nalishlarda deliniatorlar va boshqa yechimlar bosqichma-bosqich joriy etiladi.
Avvalroq Yo‘l harakatini tashkil etish markazi 2030-yilgacha Toshkentda avtobuslar uchun ustuvor yo‘laklar uzunligi 400 km dan oshishini ma’lum qilgan edi. Bunda BRT yo‘laklari 57,5 km, “A” harfli yo‘laklar esa 347 km ni tashkil etadi. Bu yil BRT yo‘laklari Shahrisabz, Mirzo Ulug‘bek, Amir Temur va Yangi Sergeli ko‘chalarida paydo bo‘ladi.
Shuningdek, joriy yilda poytaxt avtobus parkini 240 ta mashina bilan to‘ldirish, 2027-2030-yillarda yana 800 ta avtobus olib kelish va ularning umumiy sonini 3160 tadan oshirish ko‘zda tutilgan.
Source: www.gazeta.uz