15-21 iyun kunlari Xitoyning Guyyan shahrida bo‘lib o‘tgan Jahon kubogining 2-bosqichida O‘zbekiston terma jamoasi 4 ta oltin, 3 ta kumush va 4 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi. Bu haqda Milliy olimpiya qo‘mitasi xabar berdi.
Erkaklar terma jamoasi 3 ta oltin, 1 ta kumush va 2 ta bronza bilan umumjamoa hisobida yetakchi bo‘ldi. Umumiy jadvalda mezbon Xitoy 5 ta oltin, 1 ta kumush va 3 ta bronza bilan birinchi, Qozog‘iston 5 ta oltin va 3 ta bronza bilan ikkinchi, O‘zbekiston esa uchinchi o‘rinni egalladi.
-60 kg vaznda Olimpiada chempioni Abdumalik Halokov finalda braziliyalik Luiz Gabriyelni 5:0 hisobida mag‘lub etib, oltin medalni qo‘lga kiritdi. Halokov raqibiga “master-klass” ko‘rsatdi.
-90 kg vaznda To‘rabek Habibullayev finalda angliyalik Isaak Okoxga qarshi ringga chiqishi kerak edi, biroq raqibi jarohat tufayli jang qila olmadi. Shu tariqa Habibullayev Jahon kubogi g‘olibiga aylandi.
-80 kg vaznda Javohir Ummataliyev finalda braziliyalik Vanderley Pereiraga qarshi kechgan murosasiz jangda 3:2 hisobida g‘alaba qozondi.
-57 kg vaznda Nigina O‘ktamova finalda hindistonlik Prachiga qarshi ringga chiqdi va har uch raundda ustunlik qilib, 5:0 hisobida g‘alaba qozondi. U yoshlar o‘rtasida jahon chempioni ham hisoblanadi.
Ma’lumot uchun, World Boxing Cup 2026 — yangi tashkil etilgan World Boxing xalqaro boks tashkiloti tomonidan o‘tkazilayotgan nufuzli musobaqalar seriyasi. Bokschilar reyting ochkolari to‘playdi: oltin uchun 150, kumush uchun 100, bronza uchun 75 ochko.
1-bosqich 20-26 aprel kunlari Braziliyaning Foz-du-Iguasu shahrida bo‘lib o‘tgan edi. Unda O‘zbekiston 4 bokschi bilan qatnashib, 2 ta oltin va 1 ta bronza medalini qo‘lga kiritgan.
Uchinchi bosqich — final 25-noyabrdan 2-dekabrgacha Toshkent shahrida o‘tkaziladi. Yil davomida eng ko‘p reyting ochkosi to‘plagan kuchli bokschilar bosh sovrin uchun O‘zbekiston poytaxtida kuch sinashadi.
Source: www.gazeta.uz