Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zgidromet va xalqaro ob-havo markazlari ma’lumotlariga ko‘ra, joriy haftada O‘zbekistonning ko‘plab hududlarida havo harorati +40 darajadan oshishi kutilmoqda. Ayniqsa, dushanba kuni shimol, Buxoro va Navoiy viloyatlarida termometrlar +44 darajagacha ko‘tariladi. Janubda esa +42 daraja, boshqa hududlarda +36…+38 daraja atrofida bo‘ladi.

Hafta boshlarida shimol va vodiy viloyatlarida jala yog‘ishi mumkin. Kuchli issiqlik siklonik jarayonlarni rivojlantiradi, bu esa changli shamollar va keyinchalik jala yog‘inlariga olib keladi. Janub va sharqdan kirib kelayotgan nam havo oqimlari Toshkent va vodiy viloyatlarida yog‘in ehtimolini oshiradi.

Seshanba kuni eng kuchli issiqlik janubiy viloyatlarga ko‘chadi, Buxoro va Navoiyda saqlanadi. Chorshanba kuni shimol, Buxoro va Navoiyda harorat +37 darajaga pasayadi, janubda esa jazirama hafta oxirigacha davom etadi. Jumadan boshlab yangi issiq to‘lqin shimoldan tarqalib, dam olish kunlarida Toshkent viloyati va vodiyda harorat +40 darajadan oshishi mumkin.

Yog‘ingarchilik dushanba va seshanba kunlari shimol va vodiyda, seshanba kuni Qizilqum cho‘llarida, chorshanba kuni Samarqand, Jizzax, Sirdaryo va Toshkent viloyatlari hamda tog‘li hududlarda kutiladi. Boshqa hududlarda yog‘in bo‘lmaydi. Tog‘larda kunduzi +30 darajagacha issiq bo‘lib, ikkinchi yarmida jala yog‘ishi mumkin.

Aholi salomatligiga xavf: +40 darajadan yuqori harorat, ayniqsa qariyalar va qon bosimi kasalligi bo‘lganlar uchun xavfli. Quyoshda bosh yalang yurish “oftob urishi”ga olib kelishi mumkin. Tavsiya etiladi: ko‘p miqdorda oddiy suv ichish, yog‘li go‘sht mahsulotlarini kamaytirish, meva-sabzavot iste’mol qilish, soat 12:00-16:00 oralig‘ida tashqariga chiqmaslik.

Kuchli shamollar va chang to‘zonlari hafta boshlarida shimol va cho‘l hududlarida, chorshanba kuni vodiyda kutiladi. Atmosfera bosimining keskin o‘zgarishi “barik tubsizlik” hodisasiga olib kelishi mumkin, bu esa bosimga sezgir kishilarga ta’sir qiladi.

Kosmik ta’sirlar: yakshanba kuni Quyoshda M sinf chaqnash kuzatilgan, plazma Yer tomon yo‘l olgan. Chorshanba kuni 3-4 balli magnit bo‘roni prognoz qilinmoqda. Magnit bo‘ronlariga sezgir kishilar ehtiyot bo‘lishi kerak.

Haftaning eng qulay kunlari salomatlik nuqtai nazaridan chorshanba-payshanba kunlariga to‘g‘ri keladi. Umuman, hafta davomida beqaror issiq va dim ob-havo kuzatiladi.

Source: www.gazeta.uz