O‘zbekiston milliy futbol terma jamoasi guruh bosqichining ikkinchi o‘yiniga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Raqib — turnir favoritlaridan biri, Portugaliya terma jamoasi.
52 yoshli Roberto Martinez boshchiligidagi portugaliyaliklar ikkinchi turda Xyustonga qaytadi. Avvalgi o‘yinda ular Kongo Demokratik Respublikasi bilan 1:1 hisobida durang o‘ynagan edi. O‘shanda portugaliyaliklar to‘pga 75% vaqt egalik qilgan va 783 ta uzatma amalga oshirgan bo‘lsa-da, darvozaga atigi yettita zarba bergan, shundan faqat bittasi aniq bo‘lgan.
Yagona aniq zarba golga aylangan: 21 yoshli Joau Neves bosh bilan kiritgan. Biroq umumiy hujum samaradorligi pastligicha qolmoqda. Zarbalar soni bo‘yicha portugaliyaliklar turnirning eng faolsiz jamoalaridan biri bo‘ldi — 48 terma jamoadan faqat beshtasi kamroq zarba bergan.
Taqqoslash uchun, Ispaniya terma jamoasi o‘z o‘yinida 27 marta zarba bergan, ammo g‘alaba qozona olmagan. Roberto Martinez O‘zbekistonga qarshi o‘yinda jamoasining hujumdagi agressivligi va tezligini oshirishga umid qilmoqda.
O‘zbekiston uchun bu turnirdagi ikkinchi o‘yin bo‘ladi. Dastlabki uchrashuvda jamoa Kolumbiyaga 1:3 hisobida mag‘lub bo‘lgan va tarang, ba’zi joylarda ehtiyotkor o‘yin ko‘rsatgan.
Source: kun.uz