23-iyun kuni Toshkent metrosi yo‘lovchilarga tungi soat 01:00 ga qadar xizmat ko‘rsatadi. Bu haqda metropoliten matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, bunga sabab shu kuni soat 22:00 da futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasining Jahon chempionati doirasidagi navbatdagi uchrashuvi bo‘lib o‘tishi hisoblanadi.
Mazkur uchrashuv munosabati bilan poytaxtning turli hududlarida futbol ixlosmandlarining harakatlanishi sezilarli darajada ortishi kutilmoqda. Shu bois, yo‘lovchilar uchun qo‘shimcha qulaylik yaratish hamda jamoat transportining uzluksiz faoliyatini ta’minlash maqsadida metro poyezdlari harakati vaqti qo‘shimcha 1 soatga uzaytirilgan.
“Ushbu qo‘shimcha ish rejimi futbol muxlislarining uchrashuvdan so‘ng o‘z manzillariga xavfsiz, qulay va tezkor yetib borishlari uchun xizmat qiladi”, — deyiladi xabarda.
Metropoliten ma’muriyati yo‘lovchilardan safarlarini oldindan rejalashtirishni hamda xavfsizlik qoidalariga qat’iy amal qilishni so‘ragan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston milliy terma jamoasi guruh bosqichidagi navbatdagi o‘yinini Portugaliyaga qarshi 23-iyun soat 22:00 da, Kongo DR bilan esa 28-iyun soat 04:30 da o‘tkazadi.
Toshkent shahri hokimligi uchrashuvlar namoyish etiladigan katta ekranlar qayerlarda o‘rnatilishini ma’lum qilgan. Ular poytaxtning har bir tumanida bittadan va “Bunyodkor” stadionida tashkil etiladi.
Shuningdek, O‘zbekistonning 208 ta tuman va shaharlaridagi maktablarda ham “Muxlislar maydoni” tashkil etiladi. U yerda o‘quvchilar, ota-onalar va boshqa muxlislar milliy terma jamoa ishtirokidagi o‘yinlarni katta ekranlarda jonli efirda tomosha qilishlari mumkin bo‘ladi.
Source: www.gazeta.uz