O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Toshkentdagi “Yangi Avlod” maxsus sanoat zonasida gumanoid robotlar va ularning butlovchi qismlarini ishlab chiqaruvchi zavod qurilishi boshlandi.
Tadbir beshinchi yubiley Toshkent xalqaro investitsiya forumida bo‘lib o‘tdi. Birinchi tosh qo‘yish marosimida O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev, investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Ilzat Qosimov, Koreya Respublikasi elchisi Von Do Yon va “ROBOTIS” kompaniyasi prezidenti Kim Byong Su ishtirok etdi.
1999-yilda tashkil etilgan “ROBOTIS” kompaniyasi avtonom robototexnika sohasida jahon yetakchilaridan biri bo‘lib, aktivlari 2,5 milliard AQSh dollarini tashkil etadi. Kompaniyaning AQSh, Yaponiya va Xitoyda vakolatxonalari mavjud. Uning texnologiyalaridan Amazon, Microsoft, Apple, NASA, Google, Samsung va BMW kabi gigantlar foydalanadi.
Vazirlik ta’kidlashicha, ushbu strategik loyiha O‘zbekiston sanoatini yangi yuqori texnologiyali bosqichga olib chiqadi. Mingdan ortiq malakali ish o‘rinlari yaratilishi, shuningdek, ilg‘or xalqaro tajriba transferi kutilmoqda, bu esa mamlakatni Markaziy Osiyoning yetakchi robototexnika markaziga aylantirishga asos bo‘ladi.
Source: kun.uz