Andijon viloyatida yog‘och materiallari saqlanadigan omborda yong‘in kelib chiqdi. Yong‘in o‘chog‘i Andijon tumani, “Mart” mahallasi, Obod yo‘li ko‘chasida joylashgan. Olov omborxonaning bir qismini va yog‘och mahsulotlarini qamrab olgan. Jabrlanganlar yo‘q.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, hodisa haqida xabar “112” raqamiga 21-iyun kuni soat 20:10 da kelib tushgan. Qo‘ng‘iroqdan so‘ng darhol oltita yong‘in-qutqaruv ekipaji yo‘lga chiqib, voqea joyiga soat 20:18 da yetib kelgan. Yong‘in soat 20:55 da lokalizatsiya qilingan va soat 21:55 da to‘liq o‘chirilgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, olov omborning tomi va shiftini taxminan 250 kvadrat metr maydonda, shuningdek, ichki xonalar va ulardagi yog‘och mahsulotlarini shikastlagan.
Hozirda mutaxassislar yong‘in sabablari va moddiy zararning aniq miqdorini aniqlashmoqda.
Source: kun.uz