O‘zbekiston terma jamoasi 17−21-iyun kunlari Gonkongda bo‘lib o‘tgan blits bo‘yicha FIDE jamoaviy jahon chempionatida bronza sovrindoriga aylandi. Jamoa tarkibida Javohir Sindarov, Nodirbek Abdusattorov, Nodirbek Yakubboyev, Shamsiddin Vohidov, Muhiddin Madaminov, Afruza Hamdamova, Umida Omonova va Akjol Rahmatullayev ishtirok etdi. Terma jamoa kapitani FIDE bo‘yicha sobiq jahon chempioni Rustam Qosimjonov bo‘ldi.
Jamoaning hal qiluvchi o‘yinchilaridan biri Javohir Sindarov bo‘ldi. Uning jamoaviy jahon chempionatidagi ishtiroki, xalqaro musobaqalarga tayyorgarligi va murabbiylar bilan mashg‘ulotlari O‘zbekiston Milliy banki ko‘magida amalga oshirilmoqda. Sindarov jamoaning umumiy natijasiga katta hissa qo‘shdi. Guruh bosqichida u to‘qqiz partiyada 6,5 ochko keltirdi. Pley-offda esa sakkiz partiyada 5,5 ochko to‘pladi. Blits musobaqasi yakunlariga ko‘ra, u live-reytingda 12,5 punktga ko‘tarilib, 2684,5 reytingga erishdi.
Musobaqada Sindarov ikkinchi taxtada jahonning eng kuchli shaxmatchilari, jumladan, Fabiano Karuana, Vey I va Levon Aronyanga qarshi bahs olib bordi. Bundan avval rapid bo‘yicha jamoaviy jahon chempionati doirasida uning sobiq jahon chempioni Magnus Karlsen ustidan qozongan g‘alabasi asosiy voqealardan biriga aylangandi.
Blitsning aylanma bosqichida O‘zbekiston S guruhida ishtirok etib, ikkinchi o‘rin bilan pley-offga yo‘l oldi. Jamoa 22 imkoniyatdan 19 ta match ochkosi va 51,5 o‘yin ochkosini jamg‘arib, birorta ham mag‘lubiyatga uchramadi. O‘zbekistonlik shaxmatchilar sakkizta g‘alaba qozonib, uch marta durang o‘ynadi. Guruhda 21 match ochkosi va 50 o‘yin ochkosi bilan Hexamind Chess Team birinchi o‘rinni egalladi.
1/8 finalda O‘zbekiston Ozarbayjonning Odlar Yurdu jamoasi bilan to‘qnash keldi. Birinchi uchrashuv 3:3 hisobida durang bilan yakunlandi. Ikkinchi bahsda o‘zbekistonlik shaxmatchilar 3,5:2,5 hisobida g‘alaba qozonib, chorak finalga chiqdi.
Chorak finalda O‘zbekiston terma jamoasi musobaqaning eng kuchli jamoalaridan biri — WR Chess bilan bahs olib bordi. Ushbu jamoa safida Magnus Karlsen, Fabiano Karuana, Maksim Vashe-Lagrav, Uesli So va jahon shaxmatining boshqa yulduzlari ishtirok etgan. Birinchi uchrashuvda O‘zbekiston 3,5:2,5 hisobida g‘alaba qozondi. Ikkinchi bahs 3:3 hisobida yakunlandi va ikki uchrashuv natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston yarim finalga yo‘l oldi.
Yarim finalda O‘zbekiston Xitoyning Dragon Chilling jamoasiga qarshi bahs olib bordi. Birinchi uchrashuvda Dragon Chilling 4,5:1,5 hisobida g‘alaba qozondi. Ikkinchi bahsda O‘zbekiston xuddi shunday — 4,5:1,5 hisobida javob g‘alabasiga erishdi. G‘alabalar almashilganidan keyin finalga chiqish taqdiri tay-breykda hal qilindi. Qo‘shimcha bahsda Dragon Chilling 4,5:1,5 hisobida ustun kelib, finalga chiqdi. O‘zbekiston esa bronza medallari uchun kurashni davom ettirdi.
Uchinchi o‘rin uchun kechgan bahsda O‘zbekiston Hexamind Chess Team jamoasi bilan to‘qnash keldi. Ushbu jamoa safida Alireza Firuzja, Levon Aronyan, Anish Giri va boshqa kuchli grossmeysterlar ishtirok etgan. Birinchi uchrashuv O‘zbekistonning 2:4 hisobidagi mag‘lubiyati bilan yakunlandi. Ikkinchi bahsda esa o‘zbekistonlik shaxmatchilar 3,5:2,5 hisobida g‘alaba qozonib, qarshi kurashni tay-breykka olib chiqdi. Hal qiluvchi uchrashuvda O‘zbekiston yirik — 5,5:0,5 hisobida g‘alaba qozonib, blits bo‘yicha jamoaviy jahon chempionatining bronza medallarini qo‘lga kiritdi.
Jahon chempioni Dragon Chilling jamoasi bo‘ldi. U finalda Endgame AI jamoasini ikki marta 5:1 hisobida mag‘lub etib, 75 ming yevro mukofot pulini qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rinni 50 ming yevro mukofot olgan Endgame AI egalladi. O‘zbekiston terma jamoasi esa bronza medallariga sazovor bo‘lib, 30 ming yevro mukofotga ega chiqdi. Dragon Chilling shuningdek rapid bo‘yicha jamoaviy jahon chempionatida ham g‘olib chiqib, Gonkongda “oltin dubl”ni rasmiylashtirdi.
Jamoaviy bronzadan tashqari, O‘zbekiston shaxmatchilari o‘z taxtalarida shaxsiy medallarni ham qo‘lga kiritdi. Nodirbek Abdusattorov birinchi taxtada eng yaxshi natijani qayd etdi. U 19 partiyada 15,5 ochko to‘plab, 2936 performans ko‘rsatkichi bilan oltin medalga sazovor bo‘ldi. Musobaqa yakunlariga ko‘ra, u blits bo‘yicha live-reytingda 2800 marrasidan oshib o‘tdi va shu tariqa nazorat turlaridan kamida birida bu ko‘rsatkichga erishgan O‘zbekistonning ilk shaxmatchisiga aylandi. Umida Omonova ayollar taxtasida 12 partiyada 9 ochko to‘plab, kumush medalga sazovor bo‘ldi. Akjol Rahmatullayev ham 21 partiyada 14,5 ochko jamg‘arib, o‘z taxtasida kumush medalni qo‘lga kiritdi. Shamsiddin Vohidov esa 15 partiyada 8,5 ochko bilan beshinchi taxtada bronza medali sohibiga aylandi.
Avvalroq O‘zbekiston terma jamoasi rapid bo‘yicha FIDE jamoaviy jahon chempionatini sakkizinchi o‘rinda yakunlagan edi. Musobaqaning asosiy voqealaridan biri Javohir Sindarovning sobiq jahon chempioni Magnus Karlsen ustidan qozongan g‘alabasi bo‘lgan. O‘zbekiston shaxmatida yangi avlodning ikki yetakchisi — Javohir Sindarov va Nodirbek Abdusattorov o‘rtasidagi ichki raqobat haqida ko‘p gapirilsa-da, jahon jamoaviy chempionati ular munosabatlarining boshqa jihatini ham namoyon etdi. WR Chess jamoasiga qarshi chorak finalda Abdusattorov Magnus Karlsenni mag‘lub etganidan keyin Sindarov jamoadoshini quvonch bilan tabrikladi. Ushbu lavha ijtimoiy tarmoqlarda o‘zbekistonlik shaxmatchilarning jamoaviy ruhi timsoli sifatida keng tarqaldi.
Source: www.gazeta.uz