Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Markaziy bank 2026-yilning birinchi choragi yakunlari bo‘yicha eng yuqori murojaat (shikoyat) indeksiga ega bo‘lgan 10 ta bank ro‘yxatini e’lon qildi. Indeks bankka tushgan shikoyat va murojaatlar ulushini uning mijozlari sonining umumiy bank tizimidagi ulushiga bo‘lish orqali hisoblanadi.

Reytingga ko‘ra, eng yuqori indeksga ega banklar quyidagilar: Biznesni rivojlantirish banki – 3,34; Anor Bank – 3,29; Mikrokreditbank – 3,23; AVO Bank – 2,16; TBC Bank – 2,06; Davr Bank – 1,85; Tenge Bank – 1,72; Asakabank – 1,26; Turon Bank – 1,25; Agro Bank – 1,22.

Markaziy bank ta’kidlashicha, mijozlar soniga nisbatan murojaatlar ulushining yuqoriligi bir qator muammolarni ko‘rsatadi: bank mahsulotlari va xizmatlari haqida mijozlarni yetarli darajada xabardor qilmaslik; murojaatlarni o‘z vaqtida yoki sifatli ko‘rib chiqmaslik; takroriy shikoyatlarga olib keladigan tizimli kamchiliklar; masofaviy xizmatlar, to‘lovlar, kreditlar va boshqa operatsiyalar bilan bog‘liq muammolarni o‘z vaqtida hal qilmaslik; iste’molchilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha ichki nazorat mexanizmlarini takomillashtirish zarurati.

Shu munosabat bilan Markaziy bank banklarga murojaatlar sabablarini chuqur tahlil qilish, takroriy shikoyatlarga sabab bo‘ladigan omillarni bartaraf etish, murojaatlarni ko‘rib chiqish jarayonlarini takomillashtirish, xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish va ichki nazorat mexanizmlarini kuchaytirish, shuningdek iste’molchilar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan profilaktik choralarni kengaytirishni tavsiya qiladi.

Qayd etilishicha, ushbu indeks bankning moliyaviy barqarorligi yoki ishonchliligini baholamaydi. U faqat bank mijozlari soniga nisbatan tushgan murojaatlar ulushini aks ettiradi. Chorak davomida 100 tadan kam murojaat tushgan banklar uchun indeks hisoblanmaydi.

Source: uznews.uz