Toshkent xalqaro investitsiya forumida bo‘lib o‘tgan “Yangi Ipak yo‘li jadal rivojlanmoqda” mavzusidagi muhokamada ekspertlar O‘zbekistonning aviatsiya habiga aylanish istiqbollarini tahlil qildi. Ishtirokchilar kuchli bazaviy aviakompaniya, tranzitni rivojlantirish, flotni kengaytirish, kadrlar tayyorlash, raqamlashtirish, yuk tashish strategiyasi va investorlar uchun tushunarli qoidalar zarurligini ta’kidladi.
Uzbekistan Airways boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Alisher Sattorov aviakompaniya talab mavjudligiga ishonishini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, asosiy chaqiriq — talabni barqaror qilish. Istiqbolli bozorlar qatorida Janubi-Sharqiy Osiyo, Hindiston va Pokiston tilga olindi.
Uzbekistan Airports raisi Javlonbek Umarxo‘jayev faqat yangi terminallar qurish yetarli emasligini, balki to‘liq ekotizimni rivojlantirish zarurligini ta’kidladi. Uning fikricha, hab aeroporti kuchli mahalliy aviakompaniyasiz mavjud bo‘la olmaydi.
Vision Invest vakili Kazbek Bassiyev talabning kutilganidan tezroq o‘sib borayotganini qayd etdi. Kompaniya Toshkentda yiliga 20 million yo‘lovchiga mo‘ljallangan yangi aeroport qurmoqda, kelajakda quvvatni 50 milliondan oshirish rejalashtirilgan.
Abrial kompaniyasining katta maslahatchisi Manuel Ambriz O‘zbekiston yangi turizm “frontiri”ga aylanishi mumkinligini aytdi. Uning fikricha, an’anaviy yo‘nalishlar ortiqcha yuklanishdan aziyat chekmoqda, Markaziy Osiyo esa yangi tajriba izlovchi sayyohlar uchun jozibador.
Boston Consulting Group direktori Suresh Subudi O‘zbekistonning yuk tashish hajmi pandemiyadan oldingi darajaga nisbatan ikki baravar oshganini ta’kidladi. Boeing vakili Mario Antonio Ebsim esa yuk aviatsiyasi va e-commerce’ning o‘sish drayveri bo‘lishini qayd etdi.
Templeton Global Investments direktori Marius Dan Uzbekistan Airways’ning transformatsiya dasturi va potentsial IPO’si haqida ma’lumot berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, IPO’ga tayyorgarlik iyun oxiri — iyul boshida maslahatchilarni tanlashdan boshlanadi.
Source: www.gazeta.uz