Prezident Shavkat Mirziyoyev 27-iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan soha xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.
Farmonga ko‘ra, mukofotlanganlar orasida “Sevimli” telekanali boshlovchisi Farxod Abdullayev, yozuvchi va publitsist Tulkun Kazakbayev, “Buvayda ko‘zgusi” gazetasi bosh muharriri Azizaxon Soliyeva, bloger Zuhra Atabekova (“Zuhra_buvi”), TASS muxbiri Valeriy Biryukov, “Yangi O‘zbekiston” gazetasi muxbiri Lutfulla Suvonov, “Kun.uz” muxbiri Shoxrux Majidov va boshqalar bor.
Mukofotlash sabablari qatorida “so‘z va matbuot erkinligini rivojlantirish, xalqning axborot sohasidagi konstitutsiyaviy huquqlarini ta’minlash, davlat va jamiyat boshqaruvida ochiqlik va oshkoralik tamoyillarini mustahkamlashga qo‘shgan hissasi” qayd etilgan.
Shuningdek, farmonda global axborot maydonida milliy manfaatlarni himoya qilish, Yangi O‘zbekistondagi demokratik islohotlar va yutuqlarni yoritishdagi xizmatlari, zamonaviy jurnalistika uchun kadrlar tayyorlashdagi faoliyati ham alohida ta’kidlangan.
Mukofotlanganlar ro‘yxatida 35 nafar shaxs, jumladan, teleoperatorlar, muharrirlar, musahhihlar, prodyuserlar va blogerlar mavjud. Ular turli davlat va xususiy OAVlarda faoliyat yuritadi.
Source: www.gazeta.uz