O‘zbekistonda 1993-yildan beri har yili 27-iyun sanasi Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni sifatida nishonlanadi. Shu munosabat bilan 25-iyun kuni Toshkent Fotosuratlar uyida “O‘zarxiv” agentligi tomonidan “Arxiv sahifalaridagi jurnalistika tarixi” nomli ko‘rgazma ochildi.
Ko‘rgazmada O‘zbekiston Kinofotofono hujjatlari milliy arxivida saqlanayotgan 1930−2025-yillarga oid suratlar hamda Jurnalistlar ijodiy uyushmasi tomonidan taqdim etilgan 100 dan ortiq surat namoyish etilmoqda. Tarixiy suratlarning aksariyati ilk bor jamoatchilikka ko‘rsatilmoqda. Shuningdek, taniqli suxandonlar Muslimbek Yo‘ldoshev va Nasiba Ibrohimova shaxsiy fotohujjatlari ham taqdim etildi.
“O‘zarxiv” agentligi direktori Ulug‘bek Yusupov ko‘rgazma haqida: “O‘tgan yili birinchi ko‘rgazmani tayyorlashda qiyinchiliklar bo‘lgan edi. Bu yil materiallar takrorlanmadi. Ustoz jurnalistlarimiz tomonidan arxivga topshirilgan shaxsiy fondlar ham qo‘yildi. Barcha OAV xodimlarini kasb bayrami bilan tabriklayman”, dedi.
Ko‘rgazmadagi fotohujjatlarda intervyu va suhbatlar olish jarayonlari, gazeta-jurnallar hamda teleradio studiyalarining ish faoliyati, teledastur va eshittirishlar tayyorlash, tasvirga olish, ovoz yozish, davra suhbatlari va matbuot anjumanlari aks etgan. Birinchi suxandonlar, rejissyor va operatorlar, taniqli boshlovchilar faoliyati yoritilgan.
Taniqli suxandon Nasiba Ibrohimova: “OAV xodimlari kuni arafasidagi tadbirlarga aynan shu ko‘rgazma start berdi. Arxiv xodimlarining jasorati tufayli hujjatlar keng jamoatchilikka olib chiqilyapti. Ko‘rgazmada televideniyening taraqqiyot bosqichlari aks etgan”, dedi.
Muslimbek Yo‘ldoshev: “Arxiv fondlarida minglab foto va filmlar borki, ularda bir necha avlod jurnalistlari mehnati aks etgan. Ko‘rgazma juda o‘rinli bo‘ldi. Davlat arxiviga ko‘p materiallar topshirdim. Uy sharoitida saqlanishiga ishonch yo‘q, arxivda esa umumjamiyat foydalanadi”, dedi.
Tadbirda Muslimbek Yo‘ldoshev va Feruza G‘ulomova “Soha iftixori” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Bir qator jurnalistlarga faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari topshirildi. Ko‘rgazma 3-iyulgacha davom etadi.
Source: www.gazeta.uz