Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Shavkat Mirziyoyev Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan soha vakillarini kasb bayrami bilan tabrikladi. Tabrik Prezident matbuot xizmati tomonidan e’lon qilindi.

Davlat rahbari jurnalistlarni o‘zi uchun “doimiy maslakdosh va jonkuyar do‘st” deb bilishini ta’kidladi. Tabrikda qayd etilishicha, bu yil bayram milliy matbuot asoschisi bo‘lgan jadidlar tomonidan “Taraqqiy” gazetasi tashkil etilganining 120 yilligi hamda O‘zbekistonda radioeshittirishlar ilk bor uzatilganining 100 yilligi bilan bir davrga to‘g‘ri kelmoqda.

“Biz erkin va mas’uliyatli, xalqchil jurnalistikani jamiyat va davlat rivojlanishining zarur shartlaridan biri deb bilamiz. Bu borada ommaviy axborot vositalari xodimlari faoliyati uchun imkoniyatlarni yanada kengaytirish, ularning huquq va manfaatlari himoyasini kuchaytirish, kasb mahorati va malakasini oshirish, jumladan, ijtimoiy himoyasini ta’minlash, mehnatini rag‘batlantirish, sog‘lig‘ini mustahkamlash va yashash sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan yangi chora-tadbirlar amalga oshiriladi”, — dedi davlat rahbari.

Uning ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda mamlakatdagi qariyb 2700 ta ommaviy axborot vositasining 67 foizi, nashriyot subyektlarining 90 foizdan ortig‘i va matbaa korxonalarining 83 foizi nodavlat sektorga to‘g‘ri keladi.

Shuningdek, davlat rahbari axborot oqimi keskin ortib, dipfeyk texnologiyalari keng tarqalayotgan sharoitda ishonchli manbalarni ajrata bilish muhim ko‘nikmaga aylanganini ta’kidladi. Shu maqsadda qisqa muddatda 10 ming nafar yoshni qamrab oladigan zamonaviy media ta’lim tizimi shakllantirilgani qayd etildi.

Prezident jurnalistlar faoliyati uchun imkoniyatlarni yanada kengaytirish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, malakasini oshirish hamda ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan yangi choralar amalga oshirilishini ma’lum qildi.

“Men mamlakat rahbari sifatida milliy ommaviy axborot vositalarimiz davlat va jamiyat o‘rtasida mustahkam ko‘prik vazifasini bajarish barobarida xalqimizni umumiy manfaatlar asosida birlashtiradigan, yurtdoshlarimizni, ayniqsa yoshlarimizni ezgu maqsadlar sari yetaklaydigan qudratli ma’naviy kuchga aylanishi uchun barcha yordam va ko‘makni ko‘rsatishga doimo tayyorman”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident tabrik yakunida soha vakillariga mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt-saodat va faoliyatida muvaffaqiyat tiladi.

Source: www.gazeta.uz