Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yil 1-aprel holatiga O‘zbekistonda 109,2 mingta elektromobil ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 44 mingtaga yoki 68 foizga ko‘p.
Elektromobillarning asosiy qismi Toshkent shahrida to‘plangan — 79 851 ta yoki umumiy sonning 73 foizi. Bir yil oldin poytaxtda 49 736 ta elektromobil bo‘lib, bu respublika ko‘rsatkichining 76 foizini tashkil etgan edi.
Toshkent shahridan keyin Toshkent viloyati (8194 ta) va Samarqand viloyati (4525 ta) yetakchilik qilmoqda. Keyingi o‘rinlarda Xorazm (3042 ta), Qashqadaryo (2611 ta) va Farg‘ona (2231 ta) viloyatlari joylashgan.
Eng yuqori nisbiy o‘sish Samarqand viloyatida qayd etilgan: elektromobillar soni 2,6 barobardan ko‘proqqa (1739 tadan 4525 taga) oshgan. Xorazm viloyatida esa ikki barobardan ziyod o‘sish kuzatilgan (1415 tadan 3042 taga; +115 foiz).
Sirdaryo (+97,8%), Qashqadaryo (+95,1%) va Navoiy (+94,9%) viloyatlarida ham deyarli ikki barobar o‘sish qayd etilgan. Eng past o‘sish Buxoro viloyatida kuzatilgan (+48,7 foiz).
Prezident tomonidan elektromobil xaridi uchun kredit stavkalarini 23 foizdan 16 foizga pasaytirish, quvvatlash shoxobchalari tarmog‘ini 4000 taga yetkazish va elektromobildan foydalanadigan taksi haydovchilari uchun imtiyozlar joriy etish topshirig‘i berilgan edi.
2023-yilda O‘zbekistonga olib kirilgan 80 mingga yaqin avtomobilning 56 mingdan ortig‘i elektromobillar hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Source: www.gazeta.uz