Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkent shahrida Nizomiy nomidagi milliy pedagogika universitetining yana ikkita o‘quv korpusi elektron savdolarga chiqarildi. Lotlar Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan E-auksion platformasiga joylashtirildi.

Birinchi obyekt — Tabiiy fanlar fakultetining Chilonzor tumani Qatortol ko‘chasi 2-tor ko‘cha 5-a uy manzilida joylashgan binosi. U 2,24 gektar maydonda joylashgan bo‘lib, bino va inshootlarning maydoni 6224 kvadrat metrni tashkil etadi.

Lotning boshlang‘ich narxi 325,86 mlrd so‘mni tashkil etadi. Zakalat miqdori 9,77 mlrd so‘m yoki obyekt qiymatining 3 foiziga teng. Auksionning birinchi qadami bahosi 325,86 mln so‘m. Savdolar narxni oshirib borish tartibida o‘tkaziladi.

Shartlarga ko‘ra, obyekt sotilganidan keyin 2027-yil 31-dekabrgacha bo‘shatilishi kerak. Bu muddat Nizomiy nomidagi pedagogika universitetining Yangi Toshkentdagi kampuslari tayyor bo‘lish vaqtiga qarab o‘zgarishi mumkin.

Shuningdek, xaridor zimmasiga obyekt negizida shaharsozlik normalariga rioya qilgan holda nodavlat ta’lim muassasasini tashkil etish va ushbu faoliyat turini saqlab qolish majburiyati yuklanadi.

Ikkinchi obyekt — Yakkasaroy tumani Shota Rustaveli ko‘chasi 105-uy manzilida joylashgan Filologiya fakulteti binosi. U 141,14 mlrd so‘m boshlang‘ich narx bilan savdoga qo‘yilgan.

Ushbu lot bo‘yicha zakalat puli miqdori 4,23 mlrd so‘mni, auksionning birinchi qadami bahosi esa 7,057 mlrd so‘mni tashkil etadi. Obyekt 0,52 gektar maydonda joylashgan. To‘rt qavatli binoning maydoni 8232 kvadrat metrdan iborat.

Xaridor ushbu obyekt negizida ham nodavlat ta’lim muassasasini tashkil etishi shart bo‘ladi. Binoni 2027-yil 31-dekabrgacha — universitetning Yangi Toshkentdagi kampusi tayyor bo‘lishiga qarab bo‘shatish rejalashtirilgan.

Ikkala obyekt ham kommunikatsiya tizimlariga ulangan. Lotlar bo‘yicha savdolar 20-iyul kuni boshlanishi kerak.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq mazkur pedagogika universitetning Chilonzor tumanidagi (“Chilonzor” metro bekati yaqinidagi) binolar majmuasi 886,6 mlrd so‘m boshlang‘ich narx bilan sotuvga chiqarilgan edi.

Source: www.gazeta.uz