2025-yil iyul oyida Toshkent shahri Uchtepa tumani Farhod ko‘chasidagi avtomobil ehtiyot qismlari bozorida tovlamachilik va firibgarlikda gumon qilingan shaxslar qo‘lga olingan edi. Dastlab 12 nafar gumonlanuvchi borligi xabar qilingan bo‘lsa, keyinchalik ularning soni 14 nafarga yetgan.
Tergov ma'lumotlariga ko‘ra, guruh a'zolari mijozlarning avtotransport vositalariga ularning ruxsatisiz va oldindan kelishilmagan holda turli jihozlar o‘rnatib, texnik xizmat ko‘rsatishgan. So‘ngra ushbu xizmat bozor narxida 600 dollar bo‘lishiga qaramay, fuqarodan 13 300 dollar talab qilishgan. E'tiroz bildirgan mijozga zo‘ravonlar qo‘rqitish yo‘li bilan tahdid qilishgan.
Yana bir holatda jinoiy guruh a'zolari boshqa fuqaroning avtomashinasiga uning roziligisiz ehtiyot qismlar o‘rnatib, undan 3 barobar qimmat narxda pul talab qilishgan. Ular avtomashina kalitini olib qo‘yib, tazyiq o‘tkazish orqali 15 million so‘m undirishgan.
Toshkent shahar sudlari xabariga ko‘ra, 29-iyun kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudida 14 nafar sudlanuvchiga nisbatan hukm o‘qilgan. Sudlanuvchilarga jinoiy harakatlariga qarab 3 yildan 6,5 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangan.
Ayrim sudlanuvchilar (ilgari sudlanganligi sababli) jazoni qattiq tartibli koloniyalarda, qolganlari esa umumiy tartibdagi koloniyalarda o‘tashi belgilangan. Sudya hukm mazmuni va shikoyat berish tartibini tushuntirgan.
Source: www.gazeta.uz