Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekistonda 1-iyuldan boshlab bir qator qonuniy o‘zgarishlar va yangiliklar kuchga kiradi. Jumladan, pensiya va nafaqalar 7 foizga oshiriladi, 1-sentabrdan esa ish haqi va stipendiyalar ham shu miqdorda ko‘tariladi. Prezidentning 23-iyundagi farmoniga asosan, ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar uchun bolalar nafaqasi miqdori qayta belgilandi.

1-iyuldan boshlab barcha savdo va xizmat ko‘rsatish tashkilotlari uchun UzQR tizimi orqali to‘lovlarni qabul qilish majburiy bo‘ladi. Bu tizim istalgan bank yoki to‘lov servisi orqali to‘lovlarni amalga oshirish imkonini beradi. QR kodning mavjud emasligi savdo qoidalarini buzish hisoblanadi.

Harbiy xizmatchilar va mudofaa ishlari organlari fuqaro xodimlarining ish haqi 1-iyuldan 20 foizga, 2027-yil 1-yanvardan esa yana 50 foizga oshiriladi. Bu prezidentning tegishli qarori bilan belgilangan.

Teatrlarga har bir sotilgan chipta uchun subsidiya beriladi. 2026-yil 1-iyuldan boshlab davlat budjeti hisobidan Qoraqalpog‘iston va viloyatlarda (markazlar bundan mustasno) konsert-tomosha tadbirlari tashkil etilganda, sotilgan biletlar qiymatining 20 foizi miqdorida subsidiya ajratiladi. Davlat va nodavlat teatrlarga esa har bir chipta uchun qo‘shimcha 10-20 ming so‘m subsidiya beriladi.

Qurilish sohasida 1-iyuldan boshlab parallel qurilish amaliyoti bekor qilinadi va bosqichma-bosqich tayyorlanadigan loyiha asosida qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish tartibi joriy etiladi. Shuningdek, obyektlarni muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulash “bitta ariza – bir to‘lov – barcha ulanish nuqtalari” tamoyili asosida amalga oshiriladi.

Qoraqalpog‘iston va Xorazmda xarid cheklarini ro‘yxatdan o‘tkazib, avtomobil yutib olish mumkin bo‘ladi. 1-iyuldan boshlab ushbu hududlarda savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlarida amalga oshirilgan xaridlar bo‘yicha nazorat-kassa texnikasi orqali berilgan cheklar asosida yutuqli o‘yinlar o‘tkaziladi. Har bir g‘olibga avtomobil beriladi.

Xususiy tibbiyot tashkilotlariga davlat tibbiy sug‘urtasi tizimi doirasida davlat budjeti hisobidan tibbiy xizmat ko‘rsatishga ruxsat etiladi. Davolash xarajatlari davlat va xususiy klinikalar uchun yagona bazaviy narxlar asosida qoplanadi.

1-iyuldan ikki yillik eksperiment tarzida elektron tijorat uchun bond omborlari tizimi ishga tushiriladi. Tovar avval O‘zbekistonga olib kiriladi, ammo bojxona rasmiylashtiruvi tovar sotib olinganidan keyin amalga oshiriladi. Jismoniy shaxslarga sotilganda texnika 5%, kiyim-kechak 3% yagona to‘lov va QQS bilan soliqqa tortiladi.

Turar joy mulkdori ko‘p kvartirali uyning bank hisobvarag‘iga majburiy to‘lovlarni oyning 15-sanasiga qadar amalga oshirmasa, uning elektr energiyasi uchun to‘lovlarini qabul qilish qarzdorlik to‘liq qoplangunga qadar to‘xtatiladi. Kechiktirilgan har bir kun uchun penya hisoblanadi.

Maqsadli ipoteka omonatlari mexanizmi sinov loyihasi 1-iyuldan 31-dekabrgacha amalga oshiriladi. Fuqarolar ixtiyoriy ravishda tijorat bankida jamg‘arib boriladigan ipoteka omonatini ochishlari mumkin. Dastlabki badalning bir qismini qoplash uchun davlat budjetidan subsidiyalar ajratiladi.

1-iyuldan boshlab Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi tomonidan drayver sohalar asosida o‘rta va uzoq muddatli istiqbolda mahalliy ishlab chiqarishni kengaytirish dasturlari ishlab chiqiladi. Raqobatbardosh mahsulotlar ro‘yxati shakllantirilib, ularni o‘zlashtirgan subyektlar bilan kafolatlangan xarid shartnomalari tuziladi.

Toshkentda 1-iyuldan boshlab ko‘p kvartirali uylardagi umumiy yig‘ilishlar va boshqaruv jarayonlari faqat “Mening uyim” tizimi orqali amalga oshiriladi. 2027-yildan bu tartib butun mamlakat bo‘ylab joriy etiladi.

Korrupsiya haqida xabar bergan shaxslarga himoya orderi beriladi. 1-iyuldan davlat organlarida korrupsiyaga qarshi milliy sertifikatlashtirish menejment tizimi joriy etiladi. “Raqamli komplayens” axborot dasturiy kompleksi sinov rejimida ishga tushiriladi.

Vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik nafaqasi proaktiv shaklda tayinlanadi va to‘lanadi. Fuqarolar davlat ijtimoiy sug‘urtasi bilan minimal sug‘urta staji va to‘lagan badaliga mutanosib ravishda qamrab olinadi.

Tibbiy sug‘urta doirasida bepul rejali statsionar tibbiy yordam joriy etiladi. Bemorlar ro‘yxati Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan shakllantiriladi.

Toshkent shahrida eksperiment tariqasida dafn etish ishlarining yangi tartibi joriy etiladi. Dala hovlilarini ijaraga berish Soliq mobil ilovasi orqali soddalashtirilgan tartibda rasmiylashtiriladi.

1-iyuldan boshlab milliy turizm yagona platformasi va uning mobil ilovasi ishga tushiriladi. Umumiy ovqatlanish korxonalarida yog‘-moy tutgich uskunalari o‘rnatilishi majburiy bo‘ladi.

Liftlarga texnik ko‘rik natijalarini aks ettiruvchi maxsus rangli yorliq yopishtirish majburiy bo‘ladi. Yosh mutaxassislarni davlat xizmatiga qabul qilishda yagona tartib joriy etiladi.

Source: www.gazeta.uz