Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston hukumati 2027-yilda Uzbekistan Airways va “O‘zbektelekom” kabi yirik davlat kompaniyalarining aksiyalarini xalqaro bozorlarda joylashtirishni (IPO) rejalashtirmoqda. Bu haqda Bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov 29-iyun kuni o‘zaro bog‘liqlik: mintaqaviy hamkorlik, xususiy sektor investitsiyalari va ochiq savdoga bag‘ishlangan mintaqaviy hamkorlik seminarida ma’lum qildi.

Sessiyaning yakuniy qismida bosh vazir o‘rinbosari o‘zaro bog‘liqlik va xususiy investitsiyalar muhokamasida tegishli tarmoqlarda faoliyat yuritayotgan davlat korxonalarini transformatsiya qilish masalasi chetda qolib ketganini ta’kidladi. “Biz o‘zaro bog‘liqlik va xususiy sektor investitsiyalari haqida gapirdik, biroq ushbu sohada ishlayotgan davlat korxonalarining transformatsiyasini tilga olishni unutdik”, — dedi u.

Jamshid Qo‘chqorovning so‘zlariga ko‘ra, transport, raqamli va aviatsiya bog‘liqligini rivojlantirishni ushbu sohalarda bevosita faoliyat yuritayotgan kompaniyalarni isloh qilmasdan turib tasavvur etib bo‘lmaydi. “Masalan, agar temiryo‘llar haqida gapiradigan bo‘lsak, biz temiryo‘l kompaniyalarini isloh qilishimiz, ularni transformatsiya qilishimiz kerak va biz hozirda buni amalga oshiryapmiz. Agar raqamli o‘zaro bog‘liqlik haqida gapiradigan bo‘lsak, bizga yaxshi telekommunikatsiya kompaniyasi kerak. Biz uni transformatsiya qilishimiz lozim. Xuddi shu narsa aviatsiyaga ham tegishli: aviakompaniyalarni isloh qilishimiz kerak va hokazo”, — dedi bosh vazir o‘rinbosari.

Uning ma’lum qilishicha, hukumat o‘zaro bog‘liqlik bilan aloqador va tartibga solinadigan tarmoqlarda ishlayotgan kompaniyalarni chuqur transformatsiya qilish niyatida. Jamshid Qo‘chqorov 2027-yilda Uzbekistan Airways va “O‘zbektelekom” kompaniyalarining IPOga chiqish rejalariga alohida to‘xtalib o‘tdi. “Masalan, keyingi yilda Uzbekistan Airways kompaniyasining IPO’sini o‘tkazishni rejalashtiryapmiz. Shuningdek, keyingi yilda “O‘zbektelekom”ning ham IPO’si bo‘ladi. 2028-yilda, balki 2029-yilda o‘zaro bog‘liqlikka aloqador bo‘lgan barcha kompaniyalar [IPO ga chiqariladi]”, — deya ta’kidladi u.

Iyun oyi o‘rtalarida O‘zbekiston 2026-yil yakuniga qadar Uzbekistan Airways aviakompaniyasining qisman IPO’sini o‘tkazishni rejalashtirayotgani xabar qilingan edi. Davlat aksiyalarning 15−20 foizini xalqaro kapital bozorlarida joylashtirish niyatida. O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasini (UzNIF, unga Uzbekistan Airways va yana 12 ta davlat kompaniyasining ulushlari kiradi) boshqaradigan Franklin Templeton kompaniyasi vakillari aviakompaniya faoliyatini diagnostikadan o‘tkazgan va 115 ta tadbirni o‘z ichiga olgan transformatsiya dasturini ishlab chiqqan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu dastur to‘liq amalga oshirilsa, kompaniyaning yillik operatsion foydasini 120 mln dollarga oshirish imkoniyati mavjud. Bu chora-tadbirlar natijasida aviakompaniyaning bozor qiymati 1,6 mlrd dollardan 2,3 mlrd dollargacha ko‘tarilishi kutilmoqda.

Source: www.gazeta.uz