Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro Jahon chempionatidagi ishtirok yakunlanganidan keyin milliy terma jamoa bilan birga Toshkentga uchib kelmaydi, deb xabar bermoqda Championat.asia.
Sport nashrining ma’lumotlariga ko‘ra, Kannavaro AQShdan Italiyaga uchib ketadi. “Ikki oy davomida terma jamoa bilan birga bo‘ldik, hozir barchamizga biroz hordiq kerak. Nyu Yorkdan Italiyaga uchib ketaman va siz bilan sentabr oyida ko‘rishamiz”, — dedi Fabio Kannavaro.
Jamoa italiyalik mutaxassis qo‘l ostida o‘z tarixida ilk bor Jahon chempionatida ishtirok etdi. Birinchi o‘yinda O‘zbekiston Kolumbiyaga 1:3 hisobida imkoniyatni boy berdi. Jamoaning yagona goliga Abbosbek Fayzullayev mualliflik qildi — bu milliy terma jamoaning jahon chempionatlari tarixidagi ilk goli bo‘ldi.
Ikkinchi turda Kannavaro shogirdlari Portugaliyaga mag‘lub bo‘lishdi — 0:5. Ushbu uchrashuvdan so‘ng bosh murabbiy natija uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishini ma’lum qildi, biroq jamoasi bilan faxrlanishini alohida ta’kidladi.
Guruh bosqichining so‘nggi o‘yinida O‘zbekiston terma jamoasi Kongo DRga imkoniyatni boy berib (1:3), pley-off bosqichiga yo‘l ololmadi va turnirdagi ishtirokini yakunladi.
Terma jamoaning mundialdagi ishtiroki yakunlanishi fonida ayrim bloger va jurnalistlar jamoa Toshkentga qaytganidan so‘ng bosh murabbiy va milliy terma jamoa vakillari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazilishini kutishayotgan edi.
Source: www.gazeta.uz