23-iyun kuni Andijon viloyati markaziy stadionida 20 ming kishi bir vaqtda “Andijon polkasi” raqsini ijro etib, Ginnesning rekordlar kitobiga kirdi. Tadbirda Asaka tumanidagi 14-maktabning 8-sinf o‘quvchisi, 15 yoshli Farrux Nematov ham qatnashdi.
Tadbirdan qaytayotganda, maktab direktori boshqarayotgan Damas avtomobilida yo‘l-transport hodisasi yuz berdi. Chorrahada chapga burilish paytida mikroavtobusga ZIL yuk mashinasi urilgan va Damas ag‘darilgan. Farrux og‘ir jarohat olib, 24-iyun kuni vafot etdi.
Marhumning onasi Durdona Qosimovaning so‘zlariga ko‘ra, tadbir arafasida sinf rahbari bolani majburan tadbirga yuborishni talab qilgan. “Farzandim uydan xursand chiqib ketdi. Bolalarni maxsus avtobuslarda olib kelishadi deb o‘ylagandik. Hozir esa ular ‘o‘zboshimchalik bilan Damasga o‘tirishgan’ deyishmoqda. Aslida, bolalarning xavfsiz tashilishini tadbir tashkilotchilari ta’minlashi kerak edi”, dedi u.
Qarindoshlarning aytishicha, bolalar kiyim almashtirayotganda avtobus ketib qolgan. Maktab direktori o‘z Damasida qolganlarni olib ketayotganida halokat yuz bergan. Hodisada olti nafar o‘quvchi jarohat olgan, ikki nafari hozirgacha kasalxonada. Rasmiy izohlar olinmagan, tergov davom etmoqda.
Source: kun.uz