Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) tomonidan Toshkent va Navoiy viloyatlarida korrupsiyaga oid ikki alohida holat aniqlangan. Xabar berilishicha, tezkor tadbirlar natijasida bir qator mansabdor shaxslar pora olayotgan vaqtda qo‘lga olingan.
Toshkent viloyatida DXX va Bosh prokuratura huzuridagi departament xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda O‘simliklar karantini va himoyasi agentligining tuman bo‘limi inspektori fuqaro uchun davlat zaxirasidagi 20 gektar yer maydonidan tabiiy chimni ko‘chirib olish huquqini beruvchi sertifikat hamda uni tashish deklaratsiyasini rasmiylashtirib berish evaziga 2200 AQSh dollari olgan vaqtida ushlangan.
Tezkor tadbir davomida ushbu mablag‘ning 200 dollarini inspektor o‘ziga olib qolishi, qolgan 2 ming dollarni esa tuman bo‘limi boshlig‘iga berishi kerakligi aniqlangan. Shundan so‘ng bo‘lim boshlig‘i 2 ming dollarni olayotgan vaqtida ham qo‘lga olingan.
Yana bir holatda DXXning Navoiy viloyati boshqarmasi, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda ichki ishlar organlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda “Navoiy suv ta’minoti” AJning tuman bo‘limi mashinisti mahalliy fuqaroni tizimga operator lavozimiga ishga kiritib berish evaziga 500 AQSh dollari olgan vaqtida ushlangan.
Tezkor tadbir davom ettirilib, ushbu pulni olgan muqaddam sudlangan bosh muhandis ham qo‘lga olingan. Tergov davomida mazkur noqonuniy holatga tuman bo‘limi boshlig‘i ham aloqador ekani aniqlanib, holat protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.
Har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Source: www.gazeta.uz