Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Navoiy viloyatining Karmana tumanida 7 yoshli bolaga HOWO rusumli yuk mashinasini boshqarishga ruxsat bergan shaxsga nisbatan ma’muriy chora ko‘rildi. Shuningdek, bolani nazoratsiz qoldirgan ota-onasiga ham ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Bu haqda viloyat YHXB xabar bermoqda.

Idora ma’lumotlariga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgan videoda katta yuk avtomobilini boshqarayotgan bola tasvirlangan. Videodagi holat 2025-yil sentabr oyida sodir bo‘lgan bo‘lib, o‘sha vaqtda bola 7 yoshda bo‘lgan.

Surishtiruv davomida aniqlanishicha, yuk avtomobilini boshqarishga bolaga ammasining o‘g‘li ruxsat bergan. “Men unga mashina haydashni o‘rgataman deb noto‘g‘ri qildim. Bunchalik darajada bo‘lishini o‘sha vaqt bilmagan ekanman”, — deydi u videoda.

YHXBning ta’kidlashicha, joylarda profilaktika va targ‘ibot ishlari kuchaytirilganiga qaramay, ayrim hollarda hali ham voyaga yetmagan bolalarga transport vositalarini boshqarishga ruxsat berish holatlari uchramoqda.

Idora ma’lum qilishicha, mazkur holat yuzasidan bolaga avtomobilni boshqarishga imkoniyat yaratgan fuqaro hamda farzandini nazoratsiz qoldirgan ota-onasiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalari asosida ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.

Shuningdek, ularga bunday xatti-harakatlar qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligi tushuntirilib, ta’sirchan videorolik namoyish etilgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda voyaga yetmaganlarga avtomobil boshqarishga ruxsat berganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish taklif etildi. Prezident huzurida o‘tkazilgan taqdimotda bunday holatlar og‘ir oqibatli yo‘l-transport hodisalariga sabab bo‘layotgani qayd etilgan.

Avvalroq Toshkentda voyaga yetmagan o‘g‘illariga mahalla ichida 130 km/soat tezlikda mashina boshqarishga yo‘l qo‘yib bergan ota 5 sutkaga qamalgandi. Erkak bunga e’tiroz bildirgan qo‘shni ayolni haqorat qilib, janjal ko‘targan. Sud uni mayda bezorilikda aybdor deb topgan, transport vositasi esa jarima maydoniga joylashtirilgan.

Fevral oxirida Toshkentda o‘smir boshqaruvidagi BMW M4 avtomobili urib yuborishi oqibatida YHXB yo‘l-patrul xizmati inspektori Xosilbek Eshnazarov halok bo‘lgandi. Gazeta xabar qilganidek, BMW M4 rulida 16 yoshli maktab o‘quvchisi bo‘lgan. U avtomobilni olib qochish va qasddan badanga og‘ir shikast yetkazishda gumonlanmoqda.

Source: www.gazeta.uz