Prezident Shavkat Mirziyoyev 30-iyun kuni yoshlar bilan uchrashuvida O‘zbekiston milliy terma jamoasining futbol bo‘yicha jahon chempionatidagi ilk ishtirokiga to‘xtalib o‘tdi. U futbolchilarning FIFA reytingida yuqori o‘rinlardagi Portugaliya, Kolumbiya va Kongo terma jamoalariga qarshi o‘yinlari orqali muhim tajriba orttirganini ta’kidladi.
“Milliy jamoamizning AQSh va Meksika maydonlaridagi o‘yinlarini butun xalqimiz bilan bir tan-u, bir jon bo‘lib, katta his-hayajon bilan kuzatib bordik. Abbos Fayzullayev va Eldor Shomurodov jahon chempionatidagi ilk gollarini kiritib, xalqimizga xursandchilik bag‘ishladi”, — dedi u.
Davlat rahbari terma jamoaning jahon chempionatidagi ishtiroki to‘g‘risida bildirilayotgan turli fikrlarga munosabat bildirarkan, ularni ayblamay, qo‘llab-quvvatlash zarurligini aytdi. “Lekin vatanimiz sharafini himoya qilgan terma jamoamiz a’zolariga ortiqcha his-tuyg‘u bilan e’tiroz bildirish, ulardan ayb qidirish xalqimizga xos ish emas. Aksincha, bugun ularni qo‘llab-quvvatlash, ruhini ko‘tarish har qachongidan ham muhim”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident katta g‘alabalar hali oldinda ekani, buning uchun futbolni rivojlantirishga yanada keng sharoitlar yaratilishi, bu sohaga investitsiya ko‘paytirilishini ta’kidladi. Xususan, bolalar futboliga e’tibor kuchaytirilib, mazkur sport umummilliy harakatga aylantiriladi.
Uning aytishicha, kelasi yilning yanvarida Saudiya Arabistoni maydonlarida o‘tkaziladigan futbol bo‘yicha Osiyo kubogiga tayyorgarlik hozirdan boshlanadi. “Biz jamoamizga ishonamiz va ushbu musobaqada ham butun xalqimiz bilan qo‘llab-quvvatlaymiz” — dedi davlat rahbari.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston terma jamoasi o‘z tarixida ilk bor Jahon chempionatida ishtirok etdi. Birinchi o‘yinda O‘zbekiston Kolumbiyaga 1:3 hisobida imkoniyatni boy berdi. Jamoaning yagona goliga Abbosbek Fayzullayev mualliflik qildi — bu milliy terma jamoaning jahon chempionatlari tarixidagi ilk gol bo‘ldi. Ikkinchi turda Portugaliyaga 0:5 hisobida mag‘lub bo‘lishdi. So‘nggi o‘yinda Kongo DRga 1:3 hisobida yutqazib, pley-off bosqichiga chiqa olmadi.
Source: www.gazeta.uz