Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

2025-yilga kelib O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi tovar aylanmasi 700 million dollardan oshdi. Bu haqda Tojikiston moliya vaziri Fayziddin Qahhorzoda mintaqaviy hamkorlik seminarida ma’lum qildi.

Qahhorzodaning so‘zlariga ko‘ra, mintaqa kompaniyalari qo‘shni davlatlar bozorlariga faol chiqmoqda, xususiy kapitalning o‘zaro ishtiroki esa Markaziy Osiyodagi asosiy tendensiyaga aylanmoqda.

Tojikistonning Markaziy Osiyo davlatlari bilan tovar aylanmasi 2025-yilda 2 milliard dollardan oshib, mamlakat tashqi savdosining 20 foizdan ortig‘ini tashkil etdi.

Vazir O‘zbekiston bilan hamkorlikka alohida to‘xtalib, ikki davlat o‘rtasidagi tovar aylanmasi 700 million dollardan oshganini va bu Tojikiston tashqi savdosining 23 foizini tashkil etishini ta’kidladi.

Joriy yilning yanvar oyida O‘zbekiston bilan savdo hajmi 200 million dollardan oshib, qariyb 12 foizga o‘sgan. Ikki mamlakat rahbarlari 2030-yilgacha tovar aylanmasini 2 milliard dollarga yetkazish vazifasini qo‘ygan.

Qahhorzoda ikki davlat o‘rtasida iqtisodiy hamkorlik tizimi shakllanganini, qo‘shma korxonalar tashkil etilayotganini, o‘zaro investitsiyalar, raqamli moliyaviy xizmatlar, sanoat kooperatsiyasi va yangi ishlab chiqarish zanjirlari rivojlanayotganini qayd etdi.

O‘zbekistonda Tojikiston kapitali ishtirokidagi 400 dan ortiq kompaniya faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, Tojikistonda O‘zbekiston investorlari ishtirokidagi 160 dan ortiq kompaniya ro‘yxatdan o‘tgan.

Muvaffaqiyatli misol sifatida O‘zbekistonda raqamli moliyaviy xizmatlar va elektron to‘lovlarni rivojlantirayotgan Alif kompaniyasi keltirildi. Alif O‘zbekistonda o‘z sohasida tushum bo‘yicha ikkinchi o‘rinni egallaydi.

Tojikistondagi O‘zbekiston biznesining muvaffaqiyatli namunasi sifatida Artel Avesto Electronics loyihasi tilga olindi. Kompaniya maishiy texnika ishlab chiqaradi, yangi ish o‘rinlari yaratadi va ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytiradi.

Ikki mamlakat biznesi o‘rtasidagi hamkorlikni qo‘llab-quvvatlash maqsadida kapitali 50 million dollardan ortiq bo‘lgan O‘zbekiston-Tojikiston investitsiya kompaniyasi tashkil etilgan.

Qahhorzoda xalqaro moliya institutlari ishtirokida amalga oshirilayotgan mintaqaviy loyihalar, jumladan CASA-1000 energetika loyihasining ahamiyatiga to‘xtaldi. Loyiha qiymati 1,2 milliard dollarni tashkil etadi.

Shuningdek, Jahon banki tomonidan tasdiqlangan REMIT dasturi orqali Markaziy Osiyoda birinchi mintaqaviy elektr energiyasi bozori shakllantirilishi kutilmoqda.

Markaziy Osiyo mintaqaviy aloqalar dasturining to‘rtinchi bosqichi doirasida Tojikiston uchun transchegaraviy avtomobil yo‘nalishlarini rivojlantirishga 130 million dollardan ortiq mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan.

Vazir Rog‘un GES loyihasi bo‘yicha xalqaro moliya tashkilotlari bilan 12 dan ortiq shartnoma imzolanganini va kelgusi yilga borib Tojikiston energetik mustaqillikka erishishiga umid bildirdi.

Qahhorzoda logistika xarajatlarining o‘sishi va xalqaro savdo yo‘laklarining zaifligi dengizga chiqish imkoniyatiga ega bo‘lmagan davlatlarga kuchli ta’sir ko‘rsatayotganini ta’kidladi.

U xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash uchun kafolat mexanizmlari va xavflarni taqsimlash vositalarini rivojlantirish muhimligini qayd etdi.

Vazirning xulosasiga ko‘ra, Markaziy Osiyo nafaqat tranzit hududi, balki ishlab chiqarish, qayta ishlash, savdo va raqamli xizmatlarning mustaqil markaziga aylanishi mumkin.

Source: www.gazeta.uz