O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Fransiyaga tashrif buyurib, prezident Emmanuel Makron, Yevropa va tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barro hamda YUNESKO bosh direktori Holid al Ananiy bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
29-iyun kuni vazir Barro bilan suhbatda Mirziyoyeva Fransiyani O‘zbekistonning Yevropadagi muhim strategik hamkorlaridan biri deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ikki tomonlama aloqalar energetika, transport, infratuzilma, ta’lim va sog‘liqni saqlash kabi sohalarni qamrab oladi. “Markaziy Osiyo mintaqasida ishonchli va barqaror hamkor sifatidagi mavqeimizni saqlab qolgan holda, Fransiya va umuman Yevropa bilan sheriklikni kelgusida ham izchil mustahkamlash niyatidamiz”, — deb yozdi u Telegram’da.
Fransiya Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, tomonlar ikki tomonlama munosabatlarning asosiy masalalari, madaniy hamkorlik, O‘zbekiston-Fransiya universiteti loyihasi, shuningdek, Fransiya kompaniyalarining energetika, transport va sog‘liqni saqlash sohalaridagi loyihalari hamda Fransiya taraqqiyot agentligi (AFD) faoliyatini muhokama qilgan.
30-iyun kuni Saida Mirziyoyeva Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bilan uchrashdi. U O‘zbekiston va Fransiyani eng muhim strategik sohalardagi uzoq muddatli sheriklik munosabatlari bog‘lab turishini ta’kidlab, “Kelgusida har ikki mamlakat uchun manfaatli bo‘lgan yana ko‘plab tashabbuslar va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishimizga ishonaman”, — dedi.
Shu kuni YUNESKO bosh direktori Holid al Ananiy bilan uchrashuvda Samarqandda o‘tgan Bosh konferensiyaning 43-sessiyasida erishilgan kelishuvlarning ijrosi muhokama qilindi. Inson kapitali, sun’iy intellekt, kreativ industriyalar, xotin-qizlar yetakchiligi va madaniy asrab-avaylash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Holid al Ananiy X ijtimoiy tarmog‘ida O‘zbekiston va YUNESKO o‘rtasida ta’lim, madaniyat va ilm-fan sohalarida “mustahkam hamkorlik” mavjudligini, bu hamkorlik sun’iy intellekt etikasi, iqlimga bardoshlilik va gender ustuvorliklarini qamrab olishini yozdi. U YUNESKO ushbu yo‘nalishlarda hamkorlikni davom ettirishni rejalashtirayotganini ta’kidladi.
Fransiya O‘zbekistonning eng yirik savdo hamkorlaridan biri bo‘lib qolmoqda. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, u mamlakatning 8-yirik savdo hamkori bo‘lgan: ikki davlat o‘rtasidagi tovar aylanmasi 1,38 mlrd dollarga yetib, 2024-yilga nisbatan 20,8 foizga oshgan. Joriy yilning yanvar-may oylarida esa Fransiya 771,9 mln dollarlik tovar aylanmasi bilan 6-o‘ringa ko‘tarildi, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 35,2 foizga ko‘pdir.
Source: www.gazeta.uz