Surxondaryo viloyatining Termiz shahri jamoat transporti uchun Xitoyda ishlab chiqarilgan 15 ta Zhongtong rusumli avtobus olib kelindi. Bu haqda Transport vazirligi xabar qildi.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, avtobuslar yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanuvchi “Best Logistictrans Termez” korxonasi tomonidan xarid qilingan. Yangi avtobuslar barcha toifadagi yo‘lovchilar, jumladan, imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun ham qulay va to‘siqsiz harakatlanish imkonini beradigan sharoitlar bilan jihozlangan.
Ular yaqin kunlarda Termiz shahridagi avtobus yo‘nalishlarida brutto-shartnoma asosida yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatishni boshlaydi. Transport vazirligiga ko‘ra, yangi harakat tarkiblari jamoat transporti xizmatlari sifatini oshirish, yo‘lovchilar uchun xavfsiz va qulay qatnovni ta’minlash hamda shahar transport tizimi samaradorligini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, 1-yanvardan Termiz shahridagi jamoat avtobuslarida yo‘l haqi faqat bank kartalari va elektron bir martalik chiptalar orqali qabul qilina boshlandi. Infokiosklar orqali xarid qilingan chiptalar validatorda skaner qilinadi, qoldiq mablag‘ esa yo‘lovchining telefon raqamiga o‘tkaziladi.
Avvalroq Qo‘qon shahri uchun ham 24 ta Zhongtong rusumli zamonaviy avtobus olib kelingani va ularni shahar yo‘nalishlarida brutto-shartnoma asosida ishga tushirish rejalashtirilgani xabar qilingan edi.
Source: www.gazeta.uz